18.04.2017 1206

SSPda HR-mutaxassislarni jalb qilishning dolzarb masalalari muhokama etildi


Joriy yilning 18 aprel kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida HR-mutaxassislar, ishbilarmonlar, shuningdek, vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirokidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

  

Ta’kidlash kerakki, «Malakali mutaxassislarni jalb qilishning dolzarb masalalari va malaka oshirish muammolari» mavzusidagi tadbir amaliy xususiyatga ega bo‘lib, mahalliy mehnat bozorining joriy rivojlanishi sohasida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy iqtisodiyot yangi shakldagi ishchi va ish beruvchining shakllanish jarayonidan dalolat bermoqda. Zero, taraqqiyot va rivojlanish uchun «modernizatsiyani harakatga keltiruvchilar», innovatorlar va vaqt bilan hamnafas qadam tashlay oladigan xodimlar zarur.

Bugungi kun ishchisi qisqa muddatda eng yangi uskunalar va kompьyuter texnologiyalarini o‘zlashtirish qobiliyatiga ega bo‘lishi, zamonaviy mahsulotlarni o‘zlashtirish, yangi ishlar va xizmatlarni bajarish, tutash kasblarni, yangi ish joyini egallashga tayyor turishi, o‘z ishini yaxshi tushunishi hamda yuksak kasbiy darajasini saqlab qolib, to‘laqonli mehnat qilishi zarur. Chunki, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta’minlashdagi asosiy rolь inson kapitali hisoblanib, unda yuqori malakali mehnat etakchi o‘rinni egallaydi.

Davra suhbati doirasida SSP raisi o`rinbosari A.Ikramov va Mehnat vazirligi vakillari so‘zga chiqdilar.

   

Tadbir ishtirokchilari «SAG Gilamlari» kompaniyasi misolida O‘zbekiston bozorida mahalliy kompaniyalarning amaliy tajribasini qo‘llash masalalarini muhokama qildilar. Xususan, xodimlar bo‘yicha direktor Firuza Eshonqulova o‘z nutqida «SAG Gilamlari» kompaniya kadrlarini tayyorlashning ichki tizimi haqida so‘zladi.

«DaVinci Solutions» kompaniyasining boshqaruvchi hamkori,  BST huzuridagi Xalqaro savdo markazining sertifikatlangan biznes-maslahatchisi Hilola Sulaymonova malakali kadrlarni jalb qilish hamda mutaxassislarning malakasini oshirish muammolariga doir dolzarb masalalar bo‘yicha fikrlarini bayon etdi. Shu bilan bilan, H.Sulaymonova «Iste’dodlarni jalb qilish va rivojlantirish» HR-anjumani hamda ushbu sohada O‘zbekistonda yagona hisoblangan «O‘zbekistondagi eng yaxshi ish beruvchi» mukofoti o‘tkazilishining mahalliy mehnat bozori uchun ahamiyatini ham qayd etib o‘tdi.

   

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan malakali mutaxassislarni jalb qilishga doir aniq mexanizm taklif etilib,  mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha kelgusi harakatlar to‘g‘risidagi memorandum ishlab chiqildi.

O‘zSSP axborot xizmati