27.04.2017 1271

Ekspertlar davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilishdi


O‘zbekistonda mablag‘lardan maksimal darajada samarali foydalanishni ta’minlaydigan yagona davlat xaridlari tizimini yaratish, shuningdek, davlat sektorini maqbul “narx-sifat” nisbatida kerakli miqdordagi zarur tovarlar, ishlar va xizmatlar bilan to‘ldirish maqsadida, Iqtisodiyot, Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Xususiylashtirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan SSP hamkorligida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2017 yil 27 aprel kuni SSP binosida vazirliklar, idoralarning vakillari va tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida yuqorida ko‘rsatilgan qonun loyihasini muhokama qilish bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi PF-4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga 1-sonli ilovaning 5-bandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-sonli “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga 1-sonli ilovaning 4-bandini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Mazkur qonun loyihasini tayyorlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad – davlat xaridlarini tartibga soladigan va amaliyotda mavjud ziddiyatlar va eskirgan me’yorlarni bartaraf etish, shuningdek, amaldagi xaridlarning me’yorlari, qoidalari, ishtirokchilarning vakolatlarini tizimlashtirish imkonini beradigan yagona qonunchilik hujjatini ishlab chiqishdan iborat.

Hozirda davlat xaridlari ko‘p sonli qonunchilik hujjatlari tomonidan tartibga solinishi bois, alohida me’yorlarning turlicha talqin etilishi va ularni amalga oshirishdagi murakkabliklar kuzatilmoqda. Davlat xaridlarini tartibga soladigan yagona Qonunning yo‘qligi tufayli qonunosti hujjatlari har doim ham davlat ehtiyojlari uchun xaridlarning xususiyatlarini hisobga olmaydigan Fuqarolik kodeksi va “Xo‘jalik sub’ektlari faoliyatining shartnoma-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunning talablariga javob berishi kerak bo‘ladigan vaziyat yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari, qonunosti hujjatlari mazmuniga ko‘ra qonun darajasida tartibga solinishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalarni tartibga soladi.

Jahondagi alohida davlatlarning xalqaro tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Qozog‘iston kabi davlatlar eng o‘xshash davlat xaridlari tizimlari mavjud bo‘lib, ularda butun xarid jarayoni yagona hujjat – Qonun orqali tartibga solinadi.

Qonun loyihasi davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha mavjud mahalliy tajriba, shuningdek, xalqaro amaliyot, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro savdo huquqi bo‘yicha komissiyasi (YuNSITRAL) modelь qonunchiligi, EI, RF (FZ-44), Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi qonunchiliklari, ko‘p tarmoqli taraqqiyot banklarining asosiy qoidalari, davlat xaridlari bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlari hamda IHRT tavsiyalarini hisobga oladi. Davlat xaridlari bo‘yicha xalqaro qonunchilikni o‘rganish chog‘ida har bir o‘rganilgan davlatdagi xarid jarayoni, xo‘jalik-shartnoma bazasi, ma’muriy-hududiy tuzilish va davlat hokimiyati organlari vakolatlarining xususiyatlari, shuningdek, ularning O‘zbekiston Respublikasi bilan o‘xshash tomonlari inobatga olindi. Mazkur qonun loyihasi o‘z ichiga “Xo‘jalik sub’ektlari faoliyatining shartnoma-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarorlari, Hukumat qarorlari va idoraviy me’yoriy-huquqiy hujjatlarning barcha me’yorlarini qamrab olgan.

Ushbu qonun loyihasining amalga oshirilishi O‘zbekiston quyidagi talablarga javob beradigan davlat xaridlari tizimi shakllanishiga xizmat qiladi:

mablag‘lardan maksimal darajada samarali foydalanishni ta’minlash;

qisqa muddat ichida davlat sektorini maqbul “narx-sifat” nisbatida kerakli miqdordagi zarur tovarlar, ishlar va xizmatlar bilan ta’minlash;

korruptsiyaga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash.

Shu bilan birga, davlat xaridlari tizimini takomillashtirish bilvosita ravishda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishga ham yordam beradi, jumladan:

davlat investitsiyaviy dasturini samarali amalga oshirish;

mahalliy ishlab chiqaruvchilar va kichik biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash;

zamonaviy energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llashga qaratilgan innovatsiyalarni rahbatlantirish.

Qonun loyihasining amalga oshirilishi qator muhim reytinglarda mamlakat bahosining o‘sishiga xizmat qiladi, masalan: IHRT va Jahon banki xaridlar tizimi baholashi, IHRT korruptsiyaga qarshi kurashish baholashi, “Davlat xaridlarini amalga oshirish osonligi” (“Biznes yuritish osonligi” baholashining bir qismi), elektron hukumatni joriy etishni baholash va boshqalar. Mazkur baholashlar va reytinglarning yaxshilanishi mamlakatning jahon maydonidagi nufuzi hamda xorijlik hamkorlar uchun jozibadorligining o‘sishiga xizmat qiladi.

O`zSSP axborot xizmati