14.07.2017 924

Agrobiznesni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi


Joriy yil 14 iyul kuni «Radisson Blu Hotel Tashkent» mehmonxonasining anjumanlar zalida agrobiznes va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish sohalaridagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini ilgari surishga qaratilgan loyihani amalga oshirish masalalari muhokamasi bo‘yicha anjuman bo‘lib o‘tdi.

   

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Evropa Ittifoqining texnik ko‘magida 2017-2019 yillarda “Qiymat hosil qilish zanjirlarini takomillashtirish, barqaror rivojlantirish va eko-innovatsiyalar  (AGROCOMP) yordamida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sanoati korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish” loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

   

Ushbu loyiha doirasida 3 yil davomida quyidagi maqsadli guruhlar uchun qator ta’lim seminarlari, Evropada stajirovkadan o‘tish, treninglarni tashkil etish ko‘zda tutilgan: sheriklik tashkilotlari va biznesni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barcha tashkilotlarning vakillari; tashqi bozorga yo‘naltirilgan, Evropa bozoriga chiqish va sheriklik aloqalaridan manfaatdor barqaror kompaniyalar; bozorda samaradorligi va raqobatbardoshligini oshrish istagida bo‘lgan o‘rta bo‘g‘imning faoliyat yuritayotgan kompaniyalari; agrobiznesning kichik va o‘rta korxonalari; boshlayotgan va bo‘lajak tadbirkorlar, jumladan ayol-tadbirkorlar; fermer xo‘jaliklari va boshqalar.

Anjumanda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Namangan hududiy boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston hududiy boshqarmasi, Qozog‘istonning Karaganda viloyati Savdo-sanoat palatasi vakillari so‘zga chiqdilar. Taqdimotdan ko‘zlangan maqsad - hamkorlarni hududlarning iqtisodiy salohiyatlari haqida xabardor qilish va AGROCOMP loyihasi doirasidagi vazifalarni amalga oshirish.

   

Shuningdek, anjumanda Evropa Ittifoqi Delegatsiyasining O‘zbekistondagi rahbari Eduard Stiprays, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Qozog‘iston Savdo va sanoat korxonalari assotsiatsiyasi (SSKA) vakillari hamda Italiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi Andrea Bertotstsi ishtirok etdi.

O'zSSP axborot xizmati