25.07.2017 858

Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalari muhokama qilindi 


Davlatimiz tomonidan mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini oshirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni, ayniqsa yangi uzilgan meva-sabzavotlarni xorijiy bozorlarga eksport qilishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, mahalliy mahsulotlarni eksport qilish uchun tadbirkorlarimizga qo‘shimcha imtiyozlarni joriy etish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

   

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy eksporter korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 21 iyundagi PQ-3077-sonli Qaroriga muvofiq mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy bozorlarga eksport qilish imkoniyati yaratib berildi.

Mazkur Qaror talablaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishning shart-sharoitlari to‘g‘risida mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar hamda tashqi savdo kompaniyalari uchun joriy yilning 25 iyul kuni Toshkent shahridagi “O‘zbekiston” mehmonxonasining katta zalida Respublikaning tovar-xomashyo birjalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalari mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

   

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad respublikamizda yangi uzilgan meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijiy bozorlarga eksport qilish borasida mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga batafsil tushuntirish berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda yuzaga kelayotgan masalalarni echimini ta’minlashdir.

Unda Uzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari B. Asadov, mazkur Qarorning qabul qilinishi bevosita tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot etkazib berishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishda katta axamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.  

   

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank, «O‘zagroeksport», «O‘zagrosug‘urta», «O‘zagroprombirja» vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Shunindek seminar davomida o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlar uchun amalda bo‘lgan imtiyozlar va preferentsiyalar haqida batafsil ma’lumotlar berilib, qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini sertifikatlashtirish bo‘yicha jahon tajribasi, sohaga oid xalqaro standartlar va ularni joriy etish istiqbollari muhokama etildi. 

Seminar yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.

O`zSSP axborot xizmati