28.07.2017 919

Xalqaro tijorat arbitraj sudi faoliyatini takomillashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar muhokama qilindi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5087-son Farmoni ijrosi yuzasidan shu yilning 28 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Xalqaro tijorat arbitraj sudi faoliyatini takomillashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar tayyorlash bo‘yicha Ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

  

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tarkibida xorijiy investorlar, shuningdek, chet ellik hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarda milliy kompaniyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli muhofaza qilishini ta’minlash bo‘yicha xalqaro tijorat arbitraj sudini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar”  va “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonun loyihalari muhokama qilindi. 

Hozirgi zamonda iqtisodiyotning jadal globallashuvi, xo‘jaliklararo, davlatlararo aloqalar rivojlanayotgan hamda mintaqaviy va xalqaro darajalarda qonunchilik bir xillashtirilayotgan sharoitlarda ham milliy, ham xalqaro darajalarda bozor munosabatlarining asosiy elementlaridan biri hisoblangan xalqaro tijorat arbitraji  nizolarini hal etishning muqobil, suddan tashqari shakli sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.  

   

Yuqoridagilarni inobatga olib, qonun loyihasini kabul qilish zarurati quyidagilar bilan asoslanadi:

birinchidan, O‘zbekiston Respublikasida xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, xalqaro arbitraj sudi faoliyatining asosiy printsiplarini belgilash;

ikkinchidan, xorijiy hamkorlar va xalqaro tijorat faoliyatining boshqa ishtirokchilari bilan nizoli yoki bahsli masalalarni hal qilishning harakatchan mexanizmlarini yaratish;

uchinchidan, nizolarni ko‘rishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning sarf-xarajatlarini qisqartirish, arbitraj qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash va shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obro‘sini oshirish.

Qonun loyihasi 59 moddadan iborat bo‘lib, ularda quyidagi belgilangan:

-asosiy tushunchalar, xalqaro tijorat arbitraj sudida ko‘riladigan nizolar, arbitraj sudlari faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibi va ularning hisobini yuritish.
Loyihada arbitraj sudlarining turlari (domiy faoliyat yurituvchi va muvaqqat) va arbitraj ish yurituvining printsiplari, vakolatli sudning arbitraj sudlari faoliyatiga aralashish chegarasi batafsil belgilangan;

-loyihada asosiy e’tibor arbitraj kelishuviga(yuzaga kelgan va yuzaga kelayotgan nizolarni arbitraj ish yurituviga taqdim etish huquqini beruvchi asosiy hujjat sifatida) qaratilgan. Uning shakllari, kelishuvni imzolash mexanizmlari va uning mazmuni batafsil yoritib berilgan;

-arbitrga qo‘yiladigan talablar, ularni saylash (tayinlash), rad etish va ularning vakolatlarini tugatish tartibi.
Masalan, loyiha 25 yoshdan kichik bo‘lmagan, nizoni xolis hal qilishni ta’minlashga qodir, bevosita yoki bilvosita nizoni hal etishdan manfaatdor bo‘lmagan va arbitraj kelishuvi tomonlaridan mustaqil hisoblangan shaxe arbitr etib saylanishi (tayinlanishi)ni nazarda tutmoqda;

-arbitraj ish yurituvi qoidalarini, arbitraj ish yurituvi joyi va uni o‘tkazish tilini aniqlash tartibi.
Shu tufayli nizolashuvchi tomonlar o‘z xohishlariga ko‘ra arbitraj ish yurituvi tili va joyini kelishishlari mumkin, aks holda ish yuritish tili va joyi arbitraj tomonidan mustaqil belgilanadi;

-da’vo arizasi, shuningdek, unga javob berish va qarshi da’vo berish tartibi;

-arbitraj sudi qarorini bekor qilish taraflardan biri tomonidan vakolatli sudgabu haqidagi da’vo arizasi kiritish orqali amalga oshirish tartibi, shuningdek, arbitraj qarorini bekor qilish oqibatlari;

-arbitraj sudi qarorini ixtiyoriy va  majburiy ijro qilish, arbitraj sudi qarori bo‘yicha ijro varaqasi berish.

Bundan tashqari, qonun loyihasida arbitraj ish yurituvi va nizolarni hal qilishning sir saqlanishini, shuningdek, xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni ta’minlash bo‘yicha normalar ham alohida keltirilgan.