13.10.2017 1304

O‘zbekistonda xususiy biznesini boshlashda ayollar to‘qnashadigan muammolar Savdo- Sanoat Palatasi BMTTD tomonidan o‘rganilmoqda


Savdo-Sanoat Palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston biznes-forumi (III - bosqich)” loyihasi tomonidan Ishbilarmon ayollar uyushmasi hamkorligida O‘zbekistonda biznesni yo‘lga qo‘yish, boshqarish va kengaytirishda ayollar to‘qnash keladigan to‘siqlarni o‘rganishga yo‘naltirilgan tadqiqot olib borilmoqda. Tadqiqot natijalari mamlakatda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha tavsiyalarni tayyorlash uchun zamin yaratadi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan 2004 yilda o‘tkazilgan tadqiqot ayol-tadbirkorlarning mamlakat iqtisodiyotida, nafaqat o‘zini balki boshqa aholini ham ish bilan ta’minlashdagi muhim o‘rnini qayd etadi. Amerika Qo‘shma Shtatlarida 6,4 mln. ayol-tadbirkorlar 9,2 mln. odam uchun ish o‘rinlarini yaratib bermoqda. Shvetsiyada ayol kishi tomonidan boshqariladigan har bir korxona ulushiga o‘rtacha 0,6 shtat xodimi to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda ayollar jami tadbirkorlik sub’ektlarining atigi 10 foizini tashkil qiladi. Shu bois, o‘tkazilayotgan tadqiqot ayollarning biznes sohasidagi past foizli ishtiroki sabablarini aniqlash, mavjud korxonalarni kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolarni o‘rganish hamda ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish salohiyatlari va imkoniyatlarini aniqlashga qaratilgan.

Mamlakatdagi vaziyatni o‘rganish anketalashtrish va ayol-tadbirkolar bilan jamoaviy suhbatlarni (focus group) o‘tkazish yordamida amalga oshirilmoqda.

Ushbu tadqiqotda turizm, meva-sabzavotchilik, tikuvchilik, shuningdek sut mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalarida biznes yuritayotgan ayollar to‘qnash kelayotgan to‘siqlar o‘rganilmoqda. Tashkilotchilar tadqiqot uchun biznes yo‘nalishlarining tanlovini ayollarni davlat uchun ustuvor bo‘lgan, ammo ayollar tomonidan kam o‘zlashtirilgan tarmoqlarga jalb qilish uchun imkoniyatlarni o‘rganish ehtiyoji bilan izohlamoqda. Tadbirkorlik faoliyati asosan ayollar tomonidan olib boriladigan tikuvchilik va sut mahsulotlari tarmoqlaridagi muammoli masalalarni o‘rganish ularning biznesini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratib beradi.

Tadqiqotni olib borish uchun Andijon, Buxoro, Jizzax viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tanlab olindi.

Aytish kerakki, tadqiqotda ishtirok etish uchun ikki yildan ortiq ish tajribasiga hamda meros bo‘yicha egallanmagan, xususiy biznesiga ega bo‘lgan ayol-tadbirkorlar taklif etilgan. Loyiha guruhi tomonidan O‘zbekistondagi 100 dan ziyod ayol-tadbirkorlarning fikrlari har tomonlama o‘rganilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, tadqiqot doirasida Ishbilarmon ayollar uyushmasi va Savdo-sanoat palatasi a’zolari orasida tarqatiladigan onlayn-so‘rovnoma savollariga respondentlarning javoblari ham o‘rganiladi. Tadqiqot 2017 yil 20 oktyabrga qadar davom etadi.

Ayollarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha BMTTD va SSP qo‘shma tashabbusi 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasiga, shuningdek, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishda mamlakatlarga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan global faoliyatga muvofiq amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarga ta’lim olish, munosib ishga kirish va iqtisodiy qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish bo‘yicha teng huquqlarning taqdim etilishi iqtisodiyot barqarorligiga xizmat qilib, jamiyat va insoniyatga zarur foyda keltiradi.

***

“O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” loyihasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, onlayn xizmatlarni joriy etish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish va targ‘ib qilish yo‘li bilan biznes yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashaga yo‘naltirilgan.