27.10.2017 991

“Respublikaning har bir tuman va shaharlarida tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash doimiy kurslarini olib boruvchi trenerlar tayyorlash”


26-27 oktyabr kunlari Toshkent shahrida, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi,  O'zbekiston Respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi hamda  O'zbekiston-Shveysariya “O'zbekistonda kasbiy ko'nikmalarni rivojlantirish” IV faza loyihasi hamkorligida tashkil etilayotgan “Respublikaning har bir tuman va shaharlarida tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash doimiy kurslarini olib boruvchi trenerlar tayyorlash”ga bag'ishlangan  seminar-trening o'tkazildi.

Seminarni   o'tkazishdan  ko'zlangan maqsad:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-5087-sonli Farmoniga muvofiq, tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi sifatini tubdan oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini inobatga olgan holda, ta'lim yo'nalishlari va ixtisosliklari bo'yicha o'quv dasturlarini takomillashtirish, har bir tuman va shaharlarda kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash doimiy kurslarini metodik ta'minlash;
Kasb-hunar kollejlarida “Tadbirkorlik va ishga joylashtirish texnologiyasi asoslari” fani bo'yicha dars beradigan o'qituvchilar hamda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari xodimlarini “Biznes bilan tanishuv” o'quv qo'llanmasini o'rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalarining ta'lim jarayoniga va amaliyotga tadbiq etish bo'yicha malakasini oshirish hamda ulardan tadbirkorlar uchun tashkil etiladigan o'quv kurslarida faoliyat olib boruvchi trener-o'qituvchilar  tayyorlash.
Seminar ishtirokchilari.

Loyihaning hamkor vazirlik va idoralari (O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O'zbekiston Respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi) xodimlari, Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari xodimlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharidan “Tadbirkorlik va ishga joylashtirish texnologiyasi asoslari” fani bo'yicha dars beradigan kasb-hunar kollejlarining o'qituvchilari, “O'zbekistonda kasbiy ko'nikmalarni rivojlantiish” IV faza loyihasining xodimlari.

Seminar mazmuni to'g'risida qisqacha ma'lumot.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-5087-sonli Farmoniga muvofiq, tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi sifatini tubdan oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini inobatga olgan holda, ta'lim yo'nalishlari va ixtisosliklari bo'yicha o'quv dasturlarini takomillashtirish, har bir tuman va shaharlarda kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash doimiy kurslarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur Farmonda ko'zda tutilgan topshiriqlar hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to'g'risida”gi PQ-3068-sonli qarori 6-bandining ijrosini ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan  “O'z tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yayotgan shaxslar uchun maxsus kurs” o'quv dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlangan.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) va Palata o'rtasidagi hamkorlik doirasida XMT tomonidan tayyorlangan “Know About Business” (Biznes bilan tanishuv) o'quv qo'llanmasi “O'zbekistonda kasbiy ko'nikmalarni rivojlantirish” IV faza loyihasining moliyaviy ko'magida O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazining mutaxassislari tomonidan O'zbekiston milliy ta'lim standartlariga moslashtirilgan  hamda o'zbek va rus tillariga tarjima qilingan.

Bugungi kunda “Biznes bilan tanishuv” o'quv qo'llanmasining ishlab chiqilganligini, negizida tadbirkorlik asoslari o'qitiladigan kurslar tashkil etiladigan oliy o'quv muassasalari va kasb-hunar kollejlarining ro'yxati viloyatlar va tumanlar kesimida shakllantirilganligini hamda berilgan topshiriqlar ijrosini sifatli ta'minlash uchun yuqori malakali trenerlarga bo'lgan ehtiyojning yuqoriligini inobatga olgan holda,   O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va O'zbekiston Respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazining Qo'shma buyrug'iga ko'ra seminar-trening tashkil etilib, Palata hududiy boshqarmalari va kasb-hunar kollejlari vakillarini trenerlar sifatida tayyorlash ko'zda tutildi.

Seminarda ishtirokchilar tadbirkorlik maqsadlarini qo'yish, tadbirkor bo'lishning yo'llari, tadbirkorga muvaffaqiyat keltiruvchi qobiliyatlar, yaxshi biznes g'oyani izlash, korxonani qanday qilib tashkil qilish va uni boshqarish, biznes-rejani ishlab chiqish bo'yicha qo'nikmalarga ega bo'ladilar.

Mazkur seminar-treningda tayyorlangan trenerlar o'z navbatida barcha viloyatlarda kaskad usulida tumanlar/shaharlardagi tadbirkorlik asoslari o'qitiladigan kurslarni olib boruvchi  trener-o'qituvchilarni malakasini oshirdilar.

Seminar-trening sohaning tajribali mutaxassislari tomonidan olib borildi.

Loyiha to'g'risida qisqacha ma'lumot.

O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimida O'zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi Hukumatlari o'rtasida 2015 yilning 30 iyunda imzolangan ikki tomonlama bitimga muvofiq “O'zbekistonda  kasbiy ko'nikmalarni rivojlantirish” IV faza loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyihaga Andijon, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg'ona va Toshkent viloyatlaridan suv xo'jaligi va ichimlik suv ta'minoti sohalari kasblari bo'yicha kichik mutaxassislar tayyorlayotgan  12 ta kasb-hunar kollejlari kiritilgan.  

Loyiha O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, Respublika Savdo-sanoat palatasi va Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Loyihaning umumiy maqsadi - ta'lim jarayoni va mehnat bozori ehtiyojlari o'rtasida muvofiqlikni rivojlantirish orqali – O'zbekiston kasb-hunar ta'limi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga hissa qo'shishdan iborat.

Loyihadan kutilayotgan natijalar

1- natija. Suv xo'jaligi sohasida «Talab-o'qitish-ishga joylashtirish» sikli doirasida asosiy vazirliklar va idoralar o'rtasidagi o'zaro aloqalarning yaxshilanishi.

2- natija. Suv xo'jaligi va suv ta'minoti sohasida ikkita kasb bo'yicha kadrlar tayyorlash tizimining qabul qilinishi, o'rta-maxsus kasb-hunar  tizimi va katta yoshdagilarni o'qitish tizimi doirasida mutaxassislarni o'qitishning yo'lga qo'yilishi.

 

O'zSSP Axborot xizmati