08.11.2017 559

O'zbekiston-Koreya biznes-forumi


Joriy yilning 7-11 noyabr kunlari Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari delegatsiyasi Kichik va o'rta biznes federatsiyasi raisining o'rinbosari Li Xong Vu rahbarligida O'zbekistonda bo'lib turadi.

Xususan, mazkur tashrif doirasida 2017 yil 8 noyabr kuni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan ikki davlat tadbirkorlari ishtirokidagi O'zbekiston-Koreya biznes-forumi va kooperatsiya birjasi o'tkaziladi. Ushbu tadbir ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish, shuningdek qo'shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qo'shimcha rag'bat sifatida xizmat qiladi.

Tadbirni tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad ikki davlat tadbirkorlari o'rtasida savdo aloqalari yo'lga qo'yilishi va kengayishini qo'llab-quvvatlash, yangi qo'shma korxonalar sonini hamda ikki tomonlama mahsulot aylanmasini oshirishdan iborat.

Forumda qurilish, oziq-ovqat sanoati, savdo, zargarlik buyumlari, tibbiyot anjomlari, shaxsiy gigiena buyumlari, gazballon uskunalari, qishloq xo'jaligi mashinalarini ishlab chiqarish, AKT, qadoqlash materiallari, to'qimachilik va to'qimachilik qurilmalari, logistika, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlarni chiqarish kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalaridan kelgan 50 ga yaqin vakil, shuningdek, O'zbekiston Respublikasining turli viloyatlarida joylashgan yirik korxonalar va kompaniyalarning 150 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqda.

Ishbilarmonlik uchrashuvi chog'ida ikki davlat tadbirkorlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha masalalar muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, tadbir davomida o'zbek kompaniyalari vakillarining e'tiboriga Koreyaning «EKSIMBANK»i tomonidan O'zbekiston Milliy bankiga koreys kompaniyalari qurilmalarini xarid qilish uchun ajratiladigan kredit liniyalari taqdim etiladi.

Biznes-forum doirasida hamkorlikka oid qator kelishuvlarning imzolanishi kutilmoqda. Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari delegatsiyasi shuningdek «O'zbekistonda ishlab chiqarilgan» ko'rgazma-yarmarkasiga ham tashrif buyuradi.

Qayd etish kerakki, O'zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida Koreyaning asosiy savdo hamkori hisoblanadi, jumladan Koreya Respublikasining mintaqa davlatlari bilan mahsulot aylanmasi hajmining yarmidan ortig'i O'zbekiston ulushiga to'g'ri keladi.

Asosiy eksport pozitsiyalari: transport, qurilish va turizm xizmatlari, paxta tolasi, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, qurilish materiallari, tolali massa.

Import pozitsiyalari: avtotransport vositalarining qismlari, mexanik va elektr uskunalari, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, qorma metalldan ishlangan buyumlar, kimyoviy mahsulotlar, rezina mahsulotlari va h.k.

O'zbekiston Respublikasiga jalb qilingan Koreya Respublikasining to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalari hajmi 7 mlrd. AQSH dollaridan oshdi.

Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasida koreys kapitali ishtirokidagi 461 ta korxona faoliyat yuritmoqda (386 ta qo'shma korxona va 75 ta 100% koreys kapitaliga ena korxona). O'zbekistonda 75 ta koreys kompaniyasining vakolatxonasi akkreditatsiyadan o'tgan.

Ushbu kompaniyalar faoliyatining asosiy yo'nalishlari: neftgaz, neftkimyo va kimyo sohalari, qazib chiqarish, mashinasozlik, elektr texnik, to'qimachilik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, transport va logistika, turizm, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqalar