10.11.2017 386

AQShga qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo'yicha logistika va bojxona muammolarini muhokamasiga bag'ishlangan "davra suxbati"


O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Amerika-O'zbekiston savdo palatasi hamkorligida shu yilning 10 noyabr kuni respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan tadbirkorlar ishtirokida videoanjuman shaklidagi navbatdagi davra suhbati o'tkazildi.

Mazkur davra suhbatining asosiy mavzusi AQShga qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo'yicha logistika va bojxona muammolarini muhokama qilishdan iborat bo'ldi.

Kun tartibi loyihasidan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yo'lga qo'yish istiqbollari, shuningdek, AQShga qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo'yicha logistika va bojxona muammolarini hal qilish kabi masalalar o'rin oldi.

Ta'kidlash kerakki, mamlakat aholisi uchun qayta ishlangan qishloq xo'jaligi mahsulotlarining xavfsizligini ta'minlash, ichki bozorlarni hamyonbop va sifatli qayta ishlangan qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan yanada to'yintirish, aholi ehtiyojlaridan ortadigan mahsulotlarni xorijga eksport qilish hajmlarini kengaytirish va qishloq hududidagi aholining daromadlarini oshirish, shuningdek, hamyurtlarimizning turmush darajasini oshirish uchun aholining tomorqa maydonlaridan samarali foydalanish o'ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Davra suhbati chog'ida qayd etilganidek, O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida ko'p yillik boy tajriba hamda yuksak ilmiy salohiyatga ega.

Shu bilan birga, ishbilarmonlik uchrashuvi davomida ikki davlat tadbirkorlari o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash bo'yicha o'zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Xususan, O'zbekistonga Amerika biznesini jalb qilish hamda ikki davlat ishbilarmonlik doiralari o'rtasida samarali muloqotni tashkil etishda 1993 yilda tashkil topgan Amerika-O'zbekiston savdo palatasi (AO'SP) o'ziga xos o'rin tutadi.

Aytish zarurki, 2016 yilda qo'shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yordamida ikki davlat o'rtasidagi o'zaro mahsulotlar aylanmasini 70 foizga oshirib, 454 million dollarga yetkazishga erishildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Amerika kapitali ishtirokidagi 164 ta korxona faoliyat yuritadi, O'zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan AQSH investitsiyalarining hajmi esa 1 mlrd. AQSh dollardan oshdi.

 

O'zSSP Axborot xizmati