13.11.2017 581

“Global tadbirkorlik haftaligi” start oldi


O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining hamkorlikdagi eng shov-shuvli “Global tadbirkorlik haftaligi” loyihasi start oldi. Xaftalik 13-18 noyabr kunlari o'tkaziladi.

Global tadbirkorlik haftaligi har yili dunyo bo‘ylab 160 ta mamlakatda o‘tkazilib, mahalliy tadbirkorlik ekotizimini yaratish va rivojlantirishga ko‘mak berish bo‘yicha faoliyat olib boradi.

Global tadbirkorlik haftaligini o‘tkazishdan asosiy maqsad – muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar bilan yosh tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini shakllantirish, ularni yangi g‘oyalarga ilhomlantirish, mamlakatimizda tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirish, biznesni rivojlantirishda qo‘l keladigan dunyodagi ilg‘or tajriba va zamonaviy vositalar bilan yoshlarni tanishtirish hamda O‘zbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etishdan iborat.

Global tadbirkorlik haftaligi O‘zbekiston milliy tadbirkorlik ekotizimi yaratish, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun muhim katalizatorga aylanishi kutilmoqda.

Haftalik O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Xalqaro biznes va texnologiyalari assotsiatsiyasi hamda manfaatdor tashkilotlar va tadbirkorlik subyekti vakillari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Haftalik doirasida tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 30 dan ortiq tadbirlar, mahalliy va xorijiy biznes vakillari bilan yoshlar uchrashuvlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tadbirkorlar ishtirokida 5000 dan ortiq yosh tadbirkorlar uchun “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida mahorat darslari, “JV MAN Auto - Uzbekistan”, “Sam Antep Gilam”, “Artel”, “Turon”, “GroundZero”, “Murad Buildings”, “Korzinka”, “Dekos, “OfficeMarket”, “Jusic”, “Nestle Uzbekistan” kabi 10 dan ortiq yirik korxonalarga yoshlar tashriflari uyushtirilishi rejalashtirilgan.

Tadbirlarda yurtimizdagi 50 dan ortiq tajribali tadbirkorlar bilan birgalikda Rossiya, Isroil, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlardan 40 dan ortiq xorijiy investorlar, biznesmenlar, marketologlar va malakali trenerlar ishtirok etishi kutilmoqda.