15.11.2017 1271

Pokiston jurnalistlari va media ekspertlari delegatsiyasi O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga tashrif buyurdi


14-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Xalid Temur Akram rahbarligidagi Umumpokiston bosma nashrlari jamiyatining delegatsiyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Tashrifdan ko'zlangan maqsad O'zbekistonning ichki va tashqi siyosati tamoyillari va ustuvorliklari to'g'risidagi xolisona ma'lumotni Pokistonning siyosiy-shakllantiruvchi va ekspert-tahliliy doiralariga yetkazish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalarida O'zbekiston-Pokiston hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdan iborat bo'ldi.

Uchrashuv chog'ida Pokiston OAV vakillariga tadbirkorlik muhiti, investitsiya holatini yanada rivojlantirish va yaxshilash, shuningdek tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning tashabbusi bilan qabul qilingan «2017-2021 yillarda O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi»ning ijro etilishi to'g'risida ma'lumot taqdim etildi.

Pokistonlik mehmonlar mamlakatimiz, Samarqandda bo'lib o'tgan keng ko'lamli forumdagi ishtiroklaridan olgan taassurotlari bilan o'rtoqlashib, barcha hududlarda ularga ko'rsatilgan iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdilar va 200 million aholilik davlatda OAV qanday yashashi va ishlashi haqida so'zlab berdilar.

«APNS» katta vitse-prezidenti, «The Daily Ibrat» nashrining bosh muharriri Asad Abid Kazining aytishicha, Pokiston media sohasining vakillariga O'zbekistondagi yetakchi nashrlar, jurnalistlar ijodiy tashkilotlarining tajribasi juda qiziqdir. Uning fikricha, hamkorlikning yo'lga qo'yilishi global axborot muhitida davlatlarimizning imidjini yaxshilash, yutuqlarni yanada keng yoritish, jahonga noyob madaniyat va tarix, odamlarning turmushi haqida so'zlab berish ustida hamjihatlikda ish olib borish imkonini yaratishi mumkin.

Uchrashuv davomida Pokiston delegatsiyasi vakillari shuningdek, O'zbekistonning qisqa vaqt ichida iqtisodiy o'sishini yuqori baholab, asosan kichik biznes va xususiy tadbirkorlarning mamlakat iqtisodiy rivojlanishida roli kattaligini, soxaning rivojlanishida esa davlat tomonidan kullay shart-sharoitlar va imtiyozlar yaratilib, xar tomonlama qo'llab quvvatlayotganini alohida e'tirof etishdi.

Delegatsiya mehmonlari, shuningdek, O'zbekistondagi yoshlarni tadbirkorlik soxasiga jalb qilish, o'z biznesi boshlash, sohaga endi kirib kelayotgan yosh tadbirkorlarning bilim va ko'nikmalari oshirish maqsadida, o'zlarining malakali soha mutaxassislarini yurtimizga jalb qilish orqali o'zaro iqtisodiy aloqalarni mustaxkamlash xamda tadbirkorlik soxasini yanada rivojlantirish kabi masalalarni amalga oshirishda xamkorlik doiralarini o'rnatish bo'yicha o'z takliflarini bildirdilar.

Pokiston tomoni shuningdek, Davlat investitsiyalar qo'mitasining rahbariyati bilan uchrashuv yakunlari haqida ham so'zlab, 2018 yilning fevral oyi oxiri va mart oyi boshlarida qo'shma investitsiya biznes-forumini o'tkazish rejalari mavjudligini xabar qildi.