29.11.2017 658

Ekspert kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 186-bandida Jahon bankining “Doing Business” xalqaro hisobotida O'zbekiston reytingini yuqori pog'onalarga ko'tarish bo'yicha bir qator tadbirlar o'tkazish belgilangan.

Shu munosabat bilan 28-29 noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan Ekspert kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Unda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, “Suvsoz” DUK, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AO kabi boshqa vazirlik va idora tashkilot vakillari qatnashdi.

Mazkur tadbirni o'tkazishdan asosiy maqsad “Doing Business” xalqaro hisobotida O'zbekistonning ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish orqali mamlakatimiz reytingini yuqori pog'onalarga ko'tarishdir.

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining birinchi o'rinbosari Islom Jasimov - “Doing Business-2018” reytingida O'zbekistonning 74-pog'onani egallashida bevosita hukumatimiz tomonidan qabul qilingan tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga qaratilgan bir qator me'yoriy-huquqiy hujjatlar hamda tadbirkorlik sub'ektlari va investorlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlarning ahamiyati katta ekanligini ta'kidladi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan “Doing Business” xalqaro hisobotida 11 sohani qamrab olgan biznesni boshlash, qurilishga ruxsat olish, ko'chmas mulkni ro'yxatdan o'tkazish, kredit olish, soliqlarni to'lash, chegaralar orqali savdo qilish, shartnomalar tuzish kabi yo'nalishlarni yanada takomillashtirish bo'yicha taklif va tavsiyalar berildi. 

Yig'ilish davomida ishtirokchilar e'tiboriga “Elektr tarmoqlariga ulanish”, “Mol-mulkni ro'yxatdan o'tkazish” kabi mavzular bo'yicha takliflar tayyorlandi.

Bugun 29 noyabr kuni Ekspert kengashi o'z ishini davom ettirdi va unda “Qurilishga ruxsat olish” indikatori ko'rsatgichlarini takomillashtirish masalalari ko'rib chiqildi.

 

O'zSSP Axborot xizmati