05.12.2017 829

Bank-moliya sohasida ekspertlar kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tadi


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi PF-5087-son Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, shuningdek, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tartibga solishda sohalar bo'yicha ekspertlar kengashlari tashkil etildi.

Jumladan, Bank-moliya sohasida tashkil etilgan ekspertlar kengashining navbatdagi yig'ilishi joriy yilning 5 dekabr kuni soat 14-00 da O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi kichik majlislar zalida o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, respublikadagi rieltorlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ishtirokchilar tomonidan kun tartibiga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Rieltorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni loyihasini ko'rib chiqish ko'zda tutilgan.

Yig'ilish davomida, ko'chmas mulk bozori va rieltorlik xizmatlarini yanada rivojlantirish, rieltorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solinishini soddalashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlash va boshqa masalalar bo'yicha ekspertlar xulosalarini tayyorlash ko'zda tutilgan.

Muzokaralar markazida rieltorlik faoliyatini litsenziyalash vakolatini Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'korg'i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga o'tkazish, rieltorlik tashkilotining fuqarolik javobgarligini sug'urtalash bo'yicha talablarni belgilash, rieltorlik tashkilotlari orqali ko'chmas mulk va binolarni 6 oygacha qisqa muddatli ijaraga berish bo'yicha shartnomalarni tuzish (keyinchalik soliq idoralariga tegishli ma'lumotlarni taqdim etish orqali) kabi mavzularda qizg'in muhokamalar olib borilishi kutilmoqda.

Yig'ilish so'ngida ekspert kengashi a'zolari tomonidan ishtirokchilar bildirgan fikr-mulohazalar, tavsiyalar, keltirilgan muammoli masalalar joyida o'rganilib, ularning yechimi bo'yicha tegishli choralar ko'riladi va kelgusidagi rejalar belgilab olinadi.