05.12.2017 1715

O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan ekspertlar kengashining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi


Bugungi kunda kundalik hayotimizda rieltorlik so’zini ko’p bora eshitmoqdamiz. Shu o’rinda rieltorlik nima? degan savolga qisqacha ma’lumot bilan tanishib olsak. Rieltorlik yuridik  va jismoniy shaxslarning ko’chmas mulk obyektlari  va ularga bo’lgan huquqlarga doir bitimlar tuzish bilan bog’liq xizmatlarni  shartnoma asosida ko’rsatish bo’yicha tadbirkorlik faoliyatidir. 2017-yil 19-iyundagi PF-5087-son farmon ijrosini ta’minlash maqsadida O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan ekspertlar kengashining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda Rieltorlik tashkiloti , Davlat Soliq Qo’mitasi, Moliya Vazirligi, Iqtisodiyot Vazirligi, Adliya Vazirligi va Axborot Texnologiyalari va Kommunikatsiyalarni Rivojlantirish Vazirligi vakillari ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar tomonidan kun tartibiga qo’yilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Rieltorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmon loyihasi ko’rib chiqildi.

Yig’ilish davomida, ko’chmas mulk bozori  va rieltorlik xizmatlarini  yanada rivojlantirish va faoliyatini davlat tomonidan tartibga solinishini soddalashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash va boshqa masalalar bo’yicha ekspertlar qizg’in muzokaralar olib borishdi. Muzokaralar markazida rieltorlik faoliyatini litsenziyalash vakolatini Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’I Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga o’tkazish, rieltorlik tashkilotining fuqarolik javobgarligini sug’urtalash bo’yicha  talablarni belgilash, rieltorlik tashkilotlari orqali ko’chmas mulk va binolarni 6 oygacha qisqa muddatli ijaraga  berish masalasi ko’rilib, sohaning istiqbollari, yutuq va kamchiliklari muhokama qilindi.

Erishilayotgan natijalar bilan birgalikda  o’z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud.Ko’chmas mulk bozorida hozirda ham noqonuniy vositachilar faoliyat ko’rsatayotgani hech kimga sir emas.Bu borada Rieltorlik Tashkiloti ijrochi direktori Abdumalik Aliyev :  -Bizning maqadimiz noqonuniy maklerlarni bartaraf etish,bozorlarimizni rivojlantirish nafaqat iqtisodiy, ma’naviy  va madaniy yuksalishiga intilish kerakligini aytib o’tdi.Shuningdek viloyatlarda faoliyat ko’rsatayotgan rieltorlik tashkilotlarning soniga qaratdi.Masalan, Samarqandda-10, Qashqadaryoda-8, Buxoroda-4 ta va Xorazmda esa umuman yo’qligini ta’kidladi.

Yig’ilish so’ngida ekspert kengashi a’zolari tomonidan ishtirokchilar bildirgan fikr-mulohazalar,taklif va tavsiyalar,keltirilgan muammoli masalalar joyida o’rganilib,ularning yechimi bo’yicha tegishli chora tadbirlar belgilab olindi.

 

O'zSSP Axborot xizmati