11.12.2017 411

Ekspertlar kengashining navbatdagi yig'ilishi dori moddalarini olib kirish masalalariga qaratildi.


O'zbekiston Savdo-sanoat palatasida O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirining 2017 yil 24 noyabrdagi 639-sonli buyrug'i bilan o'rnatilgan dori moddalarini olib kirishning yangi tartibi natijasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda vujudga kelgan muammolarni muhokama qilish bo'yicha mahalliy dori ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar hamda Sog'liqni saqlash vazirligi vakillari ishtirokida Palataning huquqiy masalalar bo'yicha Ekspertlar kengashi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Xususan, Sog'liqni saqlash vazirining 2017 yil 24 noyabrdagi 639-sonli buyrug'i bilan 2003 yil 25 sentyabrdagi 426-sonli buyrug'i hamda amalda bo'lgan dori moddalari va in bulk mahsulotlarni olib kirish tartibi bekor qilingan. Shuningdek, yangi buyruqqa ko'ra, olib kiriladigan dori moddalari va in bulk mahsulotlar majburiy ro'yhatdan o'tkazilishi zarur. Yangi tartib kuchga kirgandan so'ng dori moddalari uchun 6 oy, in bulk mahsulotlar uchun 1 oy o'tish davri hamda o'tish davrida dori moddalari va in bulk mahsulotlar majburiy ro'yhatdan o'tkazilmasligi belgilangan.

Yig'ilish davomida ma'lum bo'ldiki, Sog'liqni saqlash vazirining 639-sonli buyrug'i Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilmagan hamda Adliya vazirligidan ro'yhatdan o'tkazilmagan. Shu sababli, 2017 yil 16 noyabrda Adliya vazirligi tomonidan Sog'liqni saqlash vazirligiga yuqoridagi buyruqni bekor qilish va ijrodan qaytarib olish to'g'risida 1-6/33-1324/8-sonli taqdimnoma kiritilgan. Ushbu taqdimnoma asosida Sog'liqni saqlash vazirligi xodimlari tomonidan yuqoridagi buyruqni bekor qilish bo'yicha loyiha tayyorlanmoqda.

Sog'liqni saqlash vazirligi vakillari tomonidan yuqoridagi buyruq bekor qilinib, yangi tartibni belgilaydigan me'yoriy-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanayotganligi hamda Savdo-sanoat palatasiga kelishish uchun yuborilishi bildirib o'tildi.

Yig'ilish natijalari bo'yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar hamda yig'ilish bayonnomasi manfaatdor tashkilotlarga yuborilgan.

 

O'zSSP Axborot xizmati