15.12.2017 1719

Buxgalterlar malakasini baholash tizimining taqdimoti


O'zbekistonda ixtiyoriy sertifikatlash dasturi - BIR.UZ buxgalterlar malakasini baholash tizimi yaratildi. Tashkilotchilar: O'zbekiston Savdo- sanoat palatasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Toshkent moliya instituti va «Norma» professional rivojlanish markazi.

BIR.UZ tizimi buxgalterlarga bilimlaridagi kamchiliklarni to'ldirish va o'z malakasini baholashga yordam beradi. Ish beruvchilarga esa o'z buxgalterlarini attestatsiyadan o'tkazish va biznesining hususiyatlariga muvofiq tarzda ularning malakasini oshirish, bo'sh lavozimlarga nomzodlarni tanlashga ko'mak beradi.

Respublikamizda shundoq ham buxgalterlarni sertifikatlashning milliy va xalqaro dasturlari (CAP, CIPA, CPA Eurasia, DipIFR va boshqalar) muvaffaqiyatli ishlab turgan bir paytda BIR.UZ tizimi nima uchun kerak? Bundan tashqari, buxgalteriya hisobi bo'yicha mutaxassislarni oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari, malaka oshirish markazlari tayyorlab turgan bo'lsa...

Oxirgi 10 yil mobaynida mamlakatimiz oliy o'quv yurtlari soliq solish bo'yicha 1600 dan ortiq va buxgalteriya hisobi bo'yicha 4350 mutaxassisni, o'rta maxsus o'quv yurtlari tegishli tarzda - 2100 va 115 000 mutaxassisni chiqardi. Mehnat bozoriga nodavlat ta'lim muassasalarida tayyorlangan o'n minglab buxgalterlar kirib keldi. Shuningdek NTMlar «Buxgalteriya hisobi to'g'risida»gi Qonunning yangi tahririda nazarda tutilgan buxgalteriya xodimlarining malakasini oshirishda faol ishtirok etishayotir.

Biroq ko'plab buxgalterlarning bilim darajasi milliy biznes talablariga javob bermaydi, bu ayniqsa jahon bozoriga integratsiyalashuv sharoitlarida ko'zga yaqqol tashlanadi. Buxgalterlarning bir qismi esa, soliq organlari tomonidan o'tkazilayotgan tekshiruvlarda ko'rinayotganidek, professional jihatdan umuman layoqatsizdir. Bu holat davlat manfaatlariga ham, biznes manfaatlariga ham putur yetkazadi.

BIR.UZ tizimi - bu o'ziga xos ta'lim resursi hisoblanadi.

U ikkita masalani hal etishga imkon beradi:

1.  9 mutaxassislik bo'yicha - kassirdan tortib bosh buxgaltergacha - «o'quv testi» servisi yordamida buxgalterlar malakasini oshiradi;

2.  buxgalterlarning professional malaka darajasini malaka imtihonida baholaydi.

O'quv testi

O'quv testi 465 mavzu bo'yicha o'kuv materiallari va 3200 tadan ortiq testdan tarkib topgan. Agar buxgalter test savollariga javob berayotganda xatoga yul qo'ysa, tizim unga mazkur mavzu doirasida o'quv materialini ochib beradi.

O'quv testlarining mualliflari - «Norma» ekspertlari, respublika yirik kompaniyalarining amaliyotchi bosh buxgalterlari, TDIU va TMI o'qituvchilari, professional muharrirlar - buxgalteriyaning eng murakkab masalalarini oddiy tilda bayon etib berishgan. Amaliyotdan misollarni keltirib, ularning nozik jihatlarini bayon etishgan. Sxemalar chizishgan, xazilomuz rasm-illyustratsiyalar  keltirishgan, «eslatma»larda eng muhim jihatlarni ajratib ko'rsatishgan.

Testlarni topshirishda urinib ko'rish imkoniyatlarining soni cheklanmagan: savollar ancha ko'p, ular o'zgarib turadi. Buxgalter o'quv materialini to'liq o'zlashtirib bo'lgandan keyingina testlarni topshirish mumkin bo'ladi.

Eng muhimi - testlarni, qancha vaqt kerak bo'lsa, shuncha vaqqt mobaynida, ishdan ajralmagan holda topshirish mumkin. Uyda dam olish kunlari, sutkaning istalgan vaqtida, agar internetga ulanadigan mobil qurilma bor bo'lsa, hatto poezdda ketayotganda xam testlarni yechib ketsa bo'ladi.

Testdan muvaffaqiyatli o'tilgach, buxgalter tanlangan malaka bo'yicha bilimlarini tasdiqlaydigan elektron sertifikatga ega bo'ladi. Bu sertifikatni og'ozga chiqarish, yoki agar zarurat bo'lsa, elektron shaklda rezyumega joylashtirsa bo'ladi.

«Qalin Qog'oz» ko'rinishidagi nufuzli hujjatni olish uchun esa bevosita imtihoni topshirishga to'g'ri keladi.

Malaka imtihoni

Bunday imtihon buxgalteriya kasbining har bir ixtisosligi bo'yicha bevosita o'tkaziladi va u 3 bosqichdan iborat bo'ladi: testlash, vaziyatli masalalarni yechish va birlamchi hujjatlar shakllarini to'ldirish.

Imtihon topshiriqlarining miqdori va murakkabligi ixtisoslikka bog'liqdir. Masalan, Bosh buxgalter attestatini olish uchun 2 imtihon kunlari mobaynida 80 ta testni topshirish, soliq oqibatlarini hisoblab chiqish va 20 tagacha xo'jalik operatsiyalarini hisobga olish hamda hisobot hujjatlarini to'ldirish kerak bo'ladi.