13.01.2018 1237

“Hunarmand” uyushmasining III Konferensiyasi bo'lib o'tdi.


O'zbekiston Respublikasi xalq ustalari, hunarmandlari va musavvirlari “Hunarmand” uyushmasining 2018 yil 13 yanvar kuni O'zbekiston Banklari Assotsiatsiyasi majlislar zalida III Konferensiyasi o'tkazildi.

Konferensiyada O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi va boshqa vazirlik, idora vakillari,  uyushmaning hududiy boshqarma va bo'limlari xodimlari, shuningdek, uyushma a'zolari nomidan saylangan 151 nafar delegatlar ishtirok etdi.

Uyushma raisi vazifasini bajaruvchi A.Hakimov O'zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan 2016–2017 yillarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etdi va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5242-sonli Farmoni hamda ““Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3393-sonli Qarori ijrosini ta'minlash yuzasidan Uyushma oldiga qo'yilgan vazifalar to'g'risida ma'ruza qildi. Unga ko'ra “Hunarmand” uyushmasini O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga uyushgan a'zo sifatida a'zolik badali to'lovisiz kiritilishi, “Hunarmand” uyushmasi raisini mavqei bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosariga, “Hunarmand” uyushmasining hududiy boshqarma boshlig'ini O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarma boshlig'i o'rinbosariga tenglashtirilishi belgilangan. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi tuman va shahar Tadbirkorlarga ko'maklashish markazlari tomonidan hunarmandlarga o'z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga ko'maklashishi bo'yicha so'zsiz ravishda xizmatlar ko'rsatish, jumladan o'z biznesini tashkil etish va rivojlantirish ko'nikmalariga o'rgatish, hunarmandchilik sub'ektlari huquqlarini himoya qilish, yangidan o'z faoliyatini boshlayotgan hunarmandchilik sub'ektlari uchun ko'rgazmalar tashkil etishni nazarda tutilgan.

Tadbir davomida uyushma a'zolarining erkinlik, tenglik, o'z-o'zini boshqarish, qonunchilik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan va amal qilgan holda, O'zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida”gi Qonuni, amaldagi qonun osti hujjatlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5242 sonli Farmoni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3393 sonli Qaroriga asosan faoliyat yuritishi qayd etildi.

Yig'ilishda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov so'zga chiqib, xalq hunarmandligi va amaliy san'atini rivojlantirish, ular tomonidan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, shu asosda yangi ish o'rinlari yaratish masalalari alohida e'tibor qaratib, hunarmandlarning istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish, buning uchun ularga imtiyozli kreditlar ajratish, sohaga xalqaro moliya institutlari investitsiyalarini jalb etish zarurligi ta'kidlab, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda hududlarning o'ziga xos xususiyat va an'analaridan kelib chiqib, tumanlar kesimida aniq reja ishlab chiqilib ishlar amalga oshirilayotganini ma'lum qildi. Shuningdek, hunarmandlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, ularga bo'sh turgan binolarni imtiyozli ravishda berish, asbob-uskuna va xomashyo materiallari bilan ta'minlash masalalariga to'xtalib o'tdi.

Konferensiya kun tartibiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushma Taftish komissiyasi hisoboti tinglanib, O'zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi Kengashi raisi, Kengashi tarkibi, Nazorat-taftish komissiyasi tarkibi va Nazorat-taftish komissiyasi raisi, Badiiy kengashi tarkibi va Badiiy kengash raisi vazifalariga nomzodlar ro'yxati e'lon qilindi va delegatlar tomonidan ochiq ovoz berish yo'li orqali munosib nomzodlar saylandi.

“Hunarmand” uyushmasining O'zbekiston Savdo-sanoat palatasiga uyushgan a'zo sifatida kirishi to'g'risidagi va  “Hunarmand” uyushmasining yangi tahrirdagi Nizomini tasdiqlash to'g'risidagi masalalar ko'rib chiqilib, ular yuzasidan Konferensiya qarori qabul qilindi.

Tadbir davomida, ayni vaqtda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shaxar boshqarmasi boshlig'i lavozimini egallab kelayotgan Ulugbek Abdullaev "Hunarmand" uyushmasi raisi etib saylandi.

Shundan so'ng O'zbekiston Respublikasi xalq ustalari, hunarmandlari va musavvirlari “Hunarmand” uyushmasining III  Konferensiyasi o'z ishini yakunladi.

Ma'lumot: "Hunarmand" uyushmasining barcha viloyatlar va tumanlarda 13 ta boshqarma va 157 ta bo'limlari mavjud bo'lib, bugungi kunda Respublika bo'yicha 15 ming nafar hunarmandlar uyushma a'zosi hisoblanadilar. Ular milliy hunarmandchilikning 34 yo'nalishida 1000 turdan ortiq milliy hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishmoqda.  Bu mahsulotlar nafaqat ichki bozorni balki tashqi bozorlarni xam egallamoqda. O'tgan 2016–2017 yillar davomida 5000 ga yaqin hunarmandlar o'z ustaxonalarida “Usta-shogird” maktablari tashkil etib, 12 000 nafar yoshlarga hunar sirlarini o'rgatdilar. Uyushma tomonidan respublikamizda har yili ko'plab xalqaro miqyosidagi ko'rgazma-tanlovlar, festivallar tashkil etilib kelinadi, masalan, “Atlas bayrami”, “Ipak va ziravorlar”, “Mustaqil yurt hunarmandlari”, “Tashabbus” ko'rik-tanlovlari shular jumlasidandir. Ushbu xalqaro miqyosidagi ko'rgazma-tanlovlar, festivallarda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan hunarmandlar ham muntazam ishtirok etishmoqda. Bundan tashqari hunarmandlarimiz Respublika “Hunarmand” uyushmasi xodimlari boshchiligidagi delegatsiya  bilan birgalikda xorijiy davlatlarda o'tkaziladigan xalqaro ko'rgazma-tanlovlar va festivallarda ham ishtirok etib, o'zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlarini targ'ib qilishmoqda.

O'zSSP Axborot xizmati