29.01.2018 2370

Milliy hunarmandchilik va amaliy san'at mahsulotlari ko'rgazmasi


Joriy yilning 28 yanvar kuni poytaxtimizdagi Milliy liboslar galereyasida xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san'ati mahsulotlarining ko'rgazmasi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi xalq ustalari, hunarmandlari va musavvirlari “Hunarmand” uyushmasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o'tkazilgan ko'rgazmada Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan tashrif buyurgan usta-hunarmandlar o'zlari yaratgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.

Hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan milliy hunarmandchilik mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlardagi savdosiga ko'maklashish, ularni xorijiy davlatlarda o'tkaziladigan xalqaro miqyosidagi ko'rgazma va festivallarga keng jalb qilish, chet ellarda milliy hunarmandchilik mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do'konlar va savdo uylarini tashkil qilish maqsadida o'tkazilgan ko'rgazmada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari, xorijiy davlatlarning mamalakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari, shuningdek, O'zbekistonning jorijiy davlatlardagi favqulodda va muxtor elchilari,  turli tashkilot va idoralar xodimlari, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.

Ko'rgazmada yog'och o'ymakorligi, miniatyura, zardo'zlik, zargarlik, milliy liboslar, kulollik, kandakorlik kabi 20 dan ortiq yo'nalishlardagi amaliy san'at mahsulotlari namoyish etildi.

Shuningdek, ko'rgazma doirasida turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazildi. O'zbekistonlik dizayner-hunarmandlar ishtirokida milliy liboslar namoyishi tashkil etildi.  “Usta-shogird” maktabi an'analari asosida hunar o'rgangan yosh hunarmandlar va mahoratli ustalar tomonidan milliy hunarmandchiligimizning turli yo'nalishlarida mahorat darslari namoyish etildi.

Hunarmandchilikni rivojlantirish yo'lidagi mavjud muammo va to'siqlarni tizimli bartaraf etish, O'zbekiston xalqlarining boy madaniy merosi va tarixiy an'analarini to'liq saqlab qolish va yanada boyitish, hunarmandchilikni keng miqyosda qo'llab-quvvatlash hamda hunarmandchilik bilan shug'ullanishga aholini, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta'minlangan oilalarni jalb qilishga rag'batlantirish maqsadida 2017 yilning 17 noyabrida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni va “Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3393-sonli  Qarori qabul qilindi.

Farmon bilan respublikada milliy hunarmandchilikni rivojlantirishning asosiy yo'nalishlari etib hunarmandlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, imtiyozli kreditlar berish, hunarmandchilik mahsulotlarini sotish va eksport qilish, shuningdek, respublikamizning tuman va shaharlarida hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tashkil etish va «Usta-shogird» maktablari faoliyatini takomillashtirish ishlari belgilandi.

Shu bilan bir qatorda, hunarmandlarga o'z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, shu jumladan, bank hisobraqamlaridan chet el valyutasini naqd shaklda yechib olish huquqi berildi.

 

O'zSSP Axborot xizmati