21.02.2018 924

SEMINAR-TRENING “HAKAMLIK SUDI FAOLIYATINI TASHKIL QILISH”


O'zbekiston  Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Ijroiya qo'mitasining hakamlik sudlari faoliyatini takomillashtirish bo'yicha qarorlari ijrosi yuzasidan 2018 yil 20 fevralda Urgench shaharida  “Hakamlik sudi faoliyatini tashkil qilish” mavzusida seminar-trening o'tkazildi.

Seminar-treningda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudining raisi,  Xorazm viloyat  hududiy boshqarmasi mas'ul xodimlari ishtirok etdilar.

Treningda hakamlik sudi - fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etuvchi nodavlat organ bo'lib,  yuridik shaxs maqomiga ega emasligi; doimiy faoliyat ko'rsatuvchi hakamlik sudi yuridik shaxs tomonidan tashkil etilishi mumkin va uning huzurida faoliyat ko'rsatishi; u o'z nomi yozilgan blanka va yumaloq muhrga, O'zbekiston Respublikasi hududida hisob-kitob varaqlari, valyuta hisobvaraqlariga hamda boshqa bank hisobvaraqlariga ega bo'lishi mumkinligi; adliya boshqarmalari tegishli hududlarda doimiy faoliyat ko'rsatuvchi hakamlik sudlari hisobini ro'yxatdan o'tkazishi amalga oshirishi ta'kidlandi.

Shuningdek, trening ishtirokchilarining e'tibori doimiy faoliyat ko'rsatuvchi hakamlik sudi tashkil etgan yuridik shaxs uning hisobini ro'yxatdan o'tkazishni amalga oshirish uchun adliya organiga hakamlik sudyalari diplomlari va mehnat daftarchalari (mavjud bo'lganda) taqdim qilishi hamda adliya organlari tomonidan  ularning nusxalar olinib, asli qaytarib berilishi lozimligi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 dekabrdagi 1001-sonli qarori bilan belgilanganligiga qaratildi. Ilgari mazkur hujjatlarning notarius tomonidan tasdiqlangan nusxalari taqdim qilinishi lozim edi.

Trening ishtirokchilari tomonidan palataning Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi huzuridagi Hakamlik sudining ikki yildan buyon faoliyat yuritmayotganligi sabablari atroflicha muhokama qilindi hamda hakamlik sudyalari ro'yxatini yuqori malakali mutaxassislar bilan to'ldirish, hakamlik sudining nizomlari va reglamentining yangi tahririni muhokama qilgan holda tasdiqlab, adliya organlariga yuborish maqsadga muvofiqligi qayd qilindi.

O'zSSP axborot hizmati