01.03.2018 1076

“HAKAMLIK SUDLARI: MUAMMOLAR VA YECHIMLAR” MAVZUIDA VIDEOKONFERENSIYA O'TKAZILDI


Mamlakatimizda tadbirkorlik, tijorat va xususiy sektorga nisbatan munosabatlarni tubdan o'zgartirish, ularning huquqlarini poymol qilinishiga yo'l qo'ymaslik, qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlashga qaratilgan huquqiy himoya qilish tizimi shakllantirildi va uning tashkiliy mexanizmi takomillashib bormoqda. Bu borada nizolarni muqobil hal etishda asosiy nodavlat organ sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Hakamlik sudlarining o'ziga xos o'rni bor.

Shuning uchun ham O'zR SSP Ijroiya qo'mitasining qarori  bilan tadbirkorlik sub'ektlari huquqiy himoyasini kuchaytirish, nizolarni hal qilishning muqobil usullaridan keng foydalanish, palata a'zolari va xodimlarining bu boradagi huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida Palata tizimida har oyning so'nggi seshanba kuni "Hakamlik sudi" kuni deb belgilangan.

Shu munosabat bilan 2018 yil 27 fevral kuni Palata raisining birinchi o'rinbosari I.K.Jasimov raisligida video-konferensiya tashkil qilindi. Unda palata tizimidagi barcha Hakamlik sudlarining sudyalari, Palataning hududiy boshqarmalarga biriktirilgan mas'ul xodimlari, matbuot xizmati va hududiy boshqarmalar boshliqlari, yuridik bo'lim xodimlari ishtirok etishdi.

Video-konferensiyada Jizzax, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlari hududiy boshqarmalari huzuridagi Hakamlik sudlari faoliyatini tashkil qilish bo'yicha olib borilayotgan ishlar to'g'risidagi axborotlari tinglandi.

Mazkur Hakamlik sudlarida o'tgan ikki yil davomida umuman ishlar ko'rilmaganligi yoki ularning soni kamayib borayotganligining sabablari joylarga chiqib o'rganilganda quyidagilar aniqlangan. Boshqarmalar ijaraga olingan binolarda joylashganligi sababli Hakamlik sudlari uchun yetarli darajada sharoit yaratilmagan, alohida sud majlisi zali ajratilmagan, shtatlar jadvaliga Hakamlik sudining mas'ul kotibi lavozimi kiritilmagan, hakamlik muhokamasining afzalliklarini tadbirkorlarga targ'ibot va tashviqot qilish tizimli ravishda yo'lga qo'yilmagan, nizolarni hal qilish bo'yicha mediatsiya jarayoniga hakamlik sud'yalari jalb qilinmagan.

Tadbirda so'zga chiqqanlar yuqoridagi kamchiliklarni barataraf qilish bo'yicha o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Xususan, hakamlik sudlari to'g'risidagi normativ-huquqiy hujjatlar va lokal hujjatlarning mazmuni, mohiyati  va ahamiyatini ko'rgazmali vositalar orqali tushuntirish; tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida yuzaga kelgan nizolarni hakamlik sudlarida hal qilishning afzalliklari va o'ziga xos xususiyatlarini ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritish; hakamlik sudlari bilan iqtisodiy sud va fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar hamkorligida seminarlar tashkil qilish; hakamlik sudlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash lozimligini ta'kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari yakdillik bilag Hakamlik sudlari o'z faoliyatini qonuniylik, mustaqillik, hakamlik muhokamasi ma'lumotlarining oshkor qilinmasligi, hakamlik sudyalarining xolisligi, dispozitivlik, hakamlik muhokamasi taraflarining tortishuvi va teng huquqliligi kabi pritsiplariga rioya qilgan holda amalga oshirishini e'tiborga olib, joriy yilda ularda ko'riladigan ishlar sonini kamida ikki baravarga oshirish maqsadga degan xulosaga keldilar.

 

O'zSSP Axborot xizmati