05.03.2018 386

“O‘zbekiston-Turkiya" biznes forumi doirasida press brifing bo'lib o'tdi


5-mart kuni Savdo-sanoat palatasi majlislar zalida “O‘zbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorligi rivojlanish istiqbollari" mavzusida davra suhbati yakunlari bo‘yicha Press-brifing bo‘lib o‘tdi. Unda “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo hamdo‘stlik guruhi raisi X.Yildiz boshchiligida Turk Respublikasining Buyuk Milliy Majlis delegatlari hamda Turkiya davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muhtor elchisi Ahmed Bashar Shen ishtirok etdi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonga vizasiz kirish borasidagi Qarori natijasida katta qulayliklar yaratildi. Endi biz hech qanday to‘siqlarsiz ziyoratgohlarni, qadamjolarni o‘zlari ko‘rishimiz mumkin. Parlament a’zosi sifatida shuni aytishim mumkinki, ikkitomonlama aloqalarni rivojlantirishga doim tayyormiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik dasturlarini ishlab chiqishimiz va kelgusidagi rejalarimizni belgilab olish ustida ish olib bormoqdamiz. O‘z nomimdan va hay’atimiz nomidan o‘zbekona mehmondorchilik va iliq kutib olganingiz uchun katta tashakkur izhor etamiz”, – deydi “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo hamdo‘stlik guruhi raisi Haydar Ali Yildiz Shuningdek, press-brifingda mamlakatlararo hamkorlikni barcha sohada rivojlantirish mavzusi ham muhokama etildi. Jumladan, “Mamlakatlarimiz o‘rtasida tarixiy shartnomalar imzolanmoqda, masalan 16-martdan Istanbul-Samarqand doimiy reyslar yo‘lga qo‘yiladi. Bu yo‘nalishda samolyotlar qatnovi avval haftasiga 2 marta va keyinchalik 4 martaga oshiriladi. Shuningdek, Istanbul va Toshkent o’rtasidagi reyslar soni haftasiga 7 martadan 14 martaga oshirilishi rejalashtirilgan. O‘ylaymanki, Buxoro va Xiva shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri, Qarshi, Navoiy, Farg‘ona shaharlariga ham charter reyslarini yo‘lga qo‘yish va low-costerlarni jalb qilish maqsadga muvofiqdir. Ayni vaqtda Anqara, Izmir va boshqa shaharlardan Toshkent shahriga qatnovchi reyslarni qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz.” – deydi Turkiya davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muhtor elchisi Ahmed Bashar Shen “Reyslar sonini oshirish orqali O‘zbekistonga keluvchi nafaqat turistlar soni, balki investor va biznesmenlar soni ham oshadi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo aloqalarining rivojlanishiga ko‘maklashadi” – deya qo’shimcha qildi Haydar Ali Yildiz.

 

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Axborot xizmati

Xalqaro press-club