30.03.2018 2899

Prezident Jizzax viloyatida


Prezident Shavkat Mirziyoev 30 mart kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari dastlab Zarbdor tumanidagi “Zarbdor tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. 

Bu korxonani bunyod etish bo'yicha Prezidentimizning o'tgan yili viloyatga tashrifi chog'ida topshiriq berilgan edi. Shavkat Mirziyoev yaqinda Samarqand viloyatida bo'lganida har bir tumanda kamida ikkitadan tekstil korxonalari qurish zarurligini ta'kidlagan edi. 

Yangidan qurilib, foydalanishga topshirilayotgan “Zarbdor tekstil” ana shunday zamonaviy korxonalardan. Bu yerda jami 1 ming 60 dan ortiq kishi doimiy ish bilan ta'minlanadi. Mahsulotlar ichki bozorni to'ldirib, eksportga ham yo'naltiriladi. 

Mening eng katta maqsadim odamlarni ish bilan, daromad bilan ta'minlash, dedi Shavkat Mirziyoev. Endi bir kilogramm paxtamizniyam chetga sotmaymiz, yurtimizda qayta ishlaymiz, qo'shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab  chiqaramiz.

Shu yerda Jizzax viloyatida to'qimachilik, kimyo, farmatsevtika sohalarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etishga doir loyihalar taqdimoti o'tkazildi.