17.04.2018 3523

Biznes yuritish uchun yer elektron auksion orqali ajratiladi


Adliya vazirligi tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning yangi tartibi joriy etilishini nazarda tutuvchi hujjatlar loyihalarini ishlab chiqib, QHTBT portalida joylashtirdi.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini «E-IJRO AUKSION»dagi elektron auksionlar orqali yuridik va jismoniy shaxslarga doimiy foydalanishga berish niyatidalar. 

Bunda vakolatli organlar yer uchastkalarini berishga doir materiallarni ko'rib chiqishi va kelishish uchun qo'shimcha ravishda «YER ELEKTRON» maxsus avtomatlashtirilgan infotizim ishga tushiriladi. Shu tariqa, butun jarayon «inson omili» istisno etilgan holda faqat elektron shaklda amalga oshiriladi. Ushbu mexanizmni 2018 yilning ikkinchi yarmidanoq joriy etish taklif qilinmoqda.

Er uchastkalarini yangi qoidalar bo'yicha berishning muhokama qilinayotgan tartibi ancha sodda bo'lib, quyidagi sikldan iborat: yer uchastkalari ro'yxatini shakllantirish va ularni auksionga qo'yish uchun zarur materiallarni tayyorlash – auksion o'tkazilishi haqida axborot joylashtirish – auksion o'tkazish – hisob-kitob qilish va auksion natijalarini rasmiylashtirish.     

Auksionda ishtirok etish uchun belgilangan muddatda elektron ariza berish va 10 foizlik zakalat to'lash talab etiladi, xolos. Yer uchastkasining minimal qiymati (auksiondagi boshlang'ich bahosi) joylashgan zonasiga qarab shaharlar, posyolkalar va qishloq joylardagi yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun yuridik shaxslarga belgilangan yer solig'ining yillik stavkasi, tumanlar (shaharlar) hokimliklarining auksion o'tkazish bilan bog'liq xarajatlari, vakolatli organlarning materiallarni kelishish ishlari qiymatidan tashkil topadi.

Auksionda lot bahosi haqidagi taklifni oxirgi bo'lib tasdiqlagan ishtirokchi g'olib bo'ladi. Auksion g'olibiga yer ajratish to'g'risidagi qaror rasmiylashtiriladi, shuningdek yerga bo'lgan huquq davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risida guvohnoma beriladi.

Bu – muhim! Ishlab chiqilgan hujjat namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurilayotgan massivlarga, shuningdek quyidagilar uchun mo'ljallangan yer uchastkalarini berish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan nazarda tutilgan muayyan turdagi ob'ektlar qurilishi;
  • erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish;
  • er uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo'yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslar.

Sanab o'tilgan vaziyatlarda yer uchastkalarini berish mexanizmlari alohida normativ hujjatlarda qayd etiladi.

Loyihalar o'zgartirilishi, ularga qo'shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.