30.04.2018 2625

Hamkorlik uchun istiqbolli sohalar va loyihalar muhokama qilindi


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'an muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida davom ettirdilar. 

Azaliy qadriyatlarimizga asoslangan ko'p qirrali munosabatlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko'tarilayotgani bizni quvontiradi, dedi Shavkat Mirziyoev. Tor doiradagi muloqotimiz mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta siyosiy iroda mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi. Xalqlarimiz va davlatlarimiz manfaatiga bevosita daxldor bo'lgan barcha masalalarni, nafaqat bugungi kundagi, balki kelgusidagi rejalarimizni ochiq va atroflicha kelishib oldik.

Qadim tuproqlarimiz bo'lmish O'zbekistonga kelganimdan, aziz qardoshim Shavkat Mirziyoev bilan yana ko'rishganimdan mamnun bo'ldim, dedi Rejep Tayyip Erdo'g'an. Keyingi yillardagi muloqotlarimizdan so'ng iqtisodiy aloqalardagi ko'rsatkichlar oshgani biz to'g'ri yo'lda ekanimizdan dalolatdir. Natijalar yaqqol sezilyapti. Turkiyalik ish odamlari O'zbekistonga intilyapti. O'zbekistonda Turkiya firma va kompaniyalari uchun, sayyohlar harakati uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti.  

Prezidentimizning o'tgan yili oktyabr oyida Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo'ldi.  2017 yilda mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga ortdi. Joriy yilning birinchi choragida bu ko'rsatkich yana 20 foizga o'sdi.

Muzokarada yaqin yillarda savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyat mavjudligi ta'kidlandi. Tomonlar hamkorlik uchun istiqbolli tarmoqlar va loyihalarni ilgari surdi. 

O'zbekiston Turkiya bozoriga yengil sanoat, kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, charm-poyabzal va qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksport qilishni kengaytirishga tayyor. Bu borada Istanbul shahrida ta'sis etilgan O'zbek – Turk savdo uyi imkoniyatlaridan keng foydalanish mumkin.

Transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ham alohida e'tibor qaratildi. Baku – Tbilisi – Kars temir yo'li savdo aloqalari uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Shu jihatdan tranzit tariflarini yanada maqbullashtirish muhimligi ta'kidlandi. 

Muzokarada investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni mustahkamlash, turizm, sog'liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.