28.10.2015 9112

Tadbirkorlikni rivojlantirish hamda soliq to‘lovchilarga yaratilayotgan qulayliklarga bag‘ishlab video seminar o‘tkazildi


Davlat soliq qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 avgustdagi «Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi» ijrosini ta’minlash yuzasidan «Tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda soliq to‘lovchilarga yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar» mavzusiga bag‘ishlangan respublika video seminari o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, vazirlik va idoralar, hududiy davlat soliq boshqarmalarida tashkil etilgan studiyalarda mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbar xodimlari, shuningdek, respublika ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Toshkent shahri va hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan jami 600 nafardan ortiq xususiy tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda soliq yukini yildan-yilga pasaytirish bilan bir qatorda, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2012-2014 yillarda tadbirkorlik sohasini yanada erkinlashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida 15 dan ortiq qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15 maydagi «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Ya’ni, mazkur hujjatda tekshirishlarni tartibga solish va tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berildi.

Seminarda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni (soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) ilk marotaba sodir etib, jinoyat aniqlangandan keyin 30 kun davomida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan, penya va boshqa moliyaviy jarima turlarini to‘lagan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmasligi va u javobgarlikdan ozod qilinishi belgilab qo‘yildi.

Shu bilan birga, 2015 yilning 1 iyulidan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga, faoliyat turidan kelib chiqqan holda, har bir yollangan ishchi uchun eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida sug‘urta badali va 30 foizi miqdorida qat’iy belgilangan soliq to‘lash sharti bilan bir nafardan uch nafargacha ishchi yollash huquqi berildi.

Agar yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-xunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan holatda kollejni bitirgandan boshlab o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun belgilangan soliqdan ozod etilishi belgilandi.

Farmonga muvofiq 2015 yil 1 iyuldan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan mikrofirma, kichik korxona va fermer xo‘jaliklari faoliyatidagi barcha rejali tekshirishlar ko‘pi bilan to‘rt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlarida uch yilda bir marta amalga oshiriladigan bo‘ldi. Tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni buxgalteriya va boshqa hujjatlarni o‘rganishni talab etmaydigan rejali tekshirishlar 10 kalendar kunidan oshmasligi belgilandi.

Prezidentimiz Farmonida belgilangan me’yorlar 2015 yil 20 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunda o‘z ifodasini topdi.

Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soladigan javobgarlik choralarini liberallashtirish masalalariga keng e’tibor qaratildi. Jumladan, Soliq kodeksining 108-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish bilan jinoiy qonunchilikda qo‘llangani kabi, soliqqa oid bir necha huquqbuzarliklar sodir etgan taqdirda, moliyaviy sanksiyalar har bir huquqbuzarlikka nisbatan alohida-alohida qo‘llanilishi o‘rniga, uncha og‘ir bo‘lmagan moliyaviy sanksiyani og‘irroq jarima bilan qamrab olinishini nazarda tutuvchi me’yorlar bilan to‘ldirildi.

Masalan, bir huquqbuzarlik uchun eng kam ish haqining 100 baravari, ikkinchisi uchun eng kam ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarimalar belgilangan bo‘lsa, avvalgi tartib qoidalarga ko‘ra, ushbu ikkita huquqbuzarlikning har biri uchun belgilangan moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, summasi eng kam ish haqining 150 baravarigacha miqdorni tashkil etar edi. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga asosan endi bunday hollarda har ikkala huquqbuzarlik uchun nazarda tutilgan moliyaviy jarimalarning faqat og‘irroq miqdori, ya’ni eng kam ish haqining 100 baravari miqdorida jarima qo‘llanilishi belgilandi.

– Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda - dedi Toshkent shahridagi «SHINY FUTURE BUSINES» oilaviy korxonasi rahbari Nigora Xusanova. – Xususan, Prezidentimizning joriy yil maydagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishonchli himoyasini ta’minlashga Farmoni qabul qilindi. Tadbirda ushbu huquqiy hujjatda ishbilarmonlik muhiti hamda biznes yuritish sharoitlarini yanada yaxshilash uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladigan qator o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik. O‘ylaymanki, bu kabi tadbirlar tadbirkorlik faoliyatini samarali olib borishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminarda interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishning bugungi ahvoli, taqdim etilayotgan xizmatlarni takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, ko‘rsatilayotgan interaktiv va elektron xizmatlar hamda joriy etilgan elektron to‘lov tizimlarining afzalliklariga ham e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda «Elektron hukumat» tizimini yaratishga yo‘naltirilgan davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar sifati va turini oshirish, soliq tizimini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

– Soliq ma’murchiligini takomillashtirish jarayonida aholining yanada faol ishtirok etishida Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy www.soliq.uz sayti muhim o‘rin tutadi, - dedi Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Hayotjon Nasrullayev. – Ayni paytda ushbu sayt orqali tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarga 18 turdagi interaktiv hamda 20 turdagi elektron xizmatlar ko‘rsatilmoqda. E’tirof etish joizki, barcha turdagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq va moliyaviy hisobotlarni 100 foiz elektron shaklda taqdim etish amaliyotining joriy etilishi ishbilarmonlarga qator qulayliklar yaratishi bilan bir qatorda hisobotlarni o‘z vaqtida qabul qilish, qayta ishlash, davlat byudjetiga to‘lanadigan mablag‘lar bo‘yicha ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish kabi imkonini berdi.

Video seminarda avvallari tadbirkorlar hisobotni shakllantirish va topshirishga kamida 2-3 soat vaqt sarflab, navbatda turishlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirda bu jarayonlar to‘liq avtomatlashtirilib, soliq hisobotlarini masofadan turib to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborayotganiligi alohida ta’kidlandi. Buning ijobiy samarasi nisoliq to‘lovchilarning yiliga o‘rtacha 9 mlrd. so‘m mablag‘lari iqtisod qilinayotgani misolida ko‘rish mumkin.

Jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk va yer soliqlarini «Click», «U-Pay» hamda «Mbank» xizmatlari yordamida uydan chiqmagan holda to‘lash imkoniyati yaratildi. Undan joriy yilda 8 mingdan ortiq soliq to‘lovchilar foydalanib, 367 mln. so‘mlik soliqni elektron shaklda to‘ladi. Shuningdek, soliq to‘lovchi yuridik shaxslar internetdagi «Shaxsiy kabinet»lari orqali soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn shaklda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Alohida ta’kidlash joizki, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar nufuzli tanlovlarda yuksak baholanmoqda. Xususan, rasmiy www.soliq.uz sayti 2012 yilda «Uz. Milliy domeni internet festivali» hamda 2015 yilda «MIT.uz» – milliy internet tanlovi»da «Davlat hokimiyati va boshqaruvi sohasidagi organlari eng yaxshi sayt» nominatsiyasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilayotgan turli dasturiy mahsulotlar «Best soft Uzbekistan» tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 115 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holati bo‘yicha baholangan reyting natijalariga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi 95,04 ball to‘plagan holda birinchi o‘rinni egalladi.

Seminarda qo‘mita ma’muriy binosi foyyesida soliq to‘lovchilarning barcha toifalariga mo‘ljallab tayyorlangan 50 dan ortiq ko‘rgazmali plakatlar, slaydlar namoyish etildi. Tadbirkorlik subyektlariga berilgan qulaylik va imtiyozlar bo‘yicha 2 mingdan ortiq bukletlar tarqatildi.

Video seminarda respublika studiyasi va hududiy studiyalardan qatnashgan tadbirkorlarning 100 tadan ortiq murojaatlariga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi. Shuningdek, ular duch kelayotgan turli masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlar vakillari bilan fikrlashish, muammolarini yechish imkoniga ega bo‘ldi.