13.06.2018 1170

«O'zbekiston xususiy sektorida korrupsiyaga qarshi kurashishga ko'maklashish» loyihasini amalga oshirish bo'yicha axborot seminari o'tkazildi


Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi islohotlar jarayonida korrupsiya mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy-siyosiy rivojlanishiga jiddiy tahdid soluvchi xavf-xatarlardan biri deb ko'rilmoqda.

Savdo-sanoat palatasi tomonidan o'z maqsad va vazifalarini bajarish doirasida tadbirkorlarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni to'liq shakllantirish yuzasidan turli yo'nalishlarda doimiy ravishda qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Joriy yilning 13 iyun sanasida «Radisson Blue Tashkent» mehmonxonasida O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Bosh prokuratura va Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) o'zaro hamkorlikda «O'zbekiston xususiy sektorida korrupsiyaga qarshi kurashishga ko'maklashish» loyihasini amalga oshirish bo'yicha axborot seminari o'tkazildi.

Tadbirda xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, vazirlik va idoralar, tadbirkorlik sub'ektlari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar, jumladan O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasidan Sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish boshqarmasi boshlig'i B.Ibodullaev, YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari Koordinatori maslaxatchisi Xans Ulrix, YeXHT va Yevropa Kengashi eksperti Strelnechok Yaroslav, YeXHTning milliy menejeri M.Xusanov, Bosh prokuraturaning Tadbirkorlik sub'ektlari va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig'i A.Eshbekov yig'ilish mavzusi bo'yicha o'z taqdimotlari bilan minbarga chiqdilar.

Savdo-sanoat palatasi mas'ul xodimi B.Ibodullaev o'z taqdimotida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonuni ijrosini ta'minlash borasida Palata tomonidan, iqtisodiyotning boshqa jabhalari qatorida tadbirkorlik sohasida korrupsiyaviy ko'rinishlari o'z vaqtida aniqlash, ularni bartaraf etish va oldini olish yo'nalishida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida so'z yuritdi, jumladan, tadbirkorlik sohasida aniqlangan ma'muriy va byurokratik to'siqlar bartaraf etilmoqda, ro'yxatga olish, ruxsat etish va litsenziyaga doir tartib-taomillar soddalashtirilmoqda, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirish tizimi takomillashtirilmoqda. Bu yo'nalishda tekshiruvlar ikki yilga  to'xtatildi, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini olib borishda barcha biznes qatnashchilari uchun teng shart-sharoitlar yaratilishi va insofsiz raqobatga yo'l qo'ymaslik choralari ko'rilmoqda.

Mazkur loyihani amalga oshirishdan ko'zda tutilgan asosiy maqsad Respublikada tadbirkorlikning rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotiga xalqaro tajribani joriy qilish, davlat va biznesning barcha jabxalarida korrupsiyaning oldini olish sohasida milliy qonunchilik qoidalarini samarali qo'llash, shuningdek xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun yanada sog'lom investitsiya muhitini yaratish maqsadida sog'lom raqobat muhitini rag'batlantirishdan iborat.

Qayd etish lozim, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning tashabbuslari asosida mamlakatda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish strategiyasi doirasida qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish yuzasidan bir qator tizimli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini samarali yechish ustuvor vazifalarimizdan biri bo'lib qoladi.

 

O'zSSP Matbuot xizmati