20.06.2018 252

Palata tomonidan “Elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni, ularni saqlash va yetkazib berish talablari hamda realizatsiya qilish va yetkazib berish tartibini tasdiqlash to'g'risida”gi Qarori loyihasi o'rganildi


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-5087-sonli Farmonining 5-bandiga asosan O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash to'g'risidagi xulosani berish bo'yicha vakolatli organ sifatida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari o'rganildi.

Misol uchun, Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni, ularni saqlash va yetkazib berish talablari hamda realizatsiya qilish va yetkazib berish tartibini tasdiqlash to'g'risida”gi Qarori loyihasi o'rganilib, ushbu loyiha yuzasidan quyidagi tavsiyalarni o'z ichiga olgan Xulosa berildi:

1. Loyiha ilovasining 10-bandida ushbu Tartibda qo'llanilgan asosiy tushunchalar keltirilgan.

Ammo, unda “axborot vositachisi” tushunchasiga ta'rif keltirilmagan.

Elektron tijorat orqali dori vositalarini va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish va yetkazib berishda kimlar axborot vositachisi bo'lishi mumkinligini loyihada aniq belgilab o'tish maqsadga muvofiqligini inobatga olib, ushbu bandda “axborot vositachisi” tushunchasiga ta'rif berilishi tavsiya etildi.

2. Shuningdek, loyiha ilovasining 3-bobi “Elektron tijorat sub'ektlari” deb nomlanib, unda faqatgina elektron tijorat ishtirokchisi bo'lgan sotuvchining huquq va majburiyatlari belgilangan.

“Elektron tijorat to'g'risida”gi Qonun talablaridan kelib chiqib, ushbu bobda axborot vositachisi va xaridorning ham huquq va majburiyatlarini belgilab o'tish tavsiya etildi.

3. Loyiha ilovasining 15-bandiga ko'ra, “Elektron tijorat sub'ektlari, elektron hujjatlar va elektron xabarlarni ayirboshlash uchun tegishli axborot tizimlarini boshqarishni aniq tashkil etishni ta'minlab shartnoma asosida axborot vositachisi xizmatlaridan foydalanishlari mumkin”, - deb belgilangan.

Loyiha ilovasining 11-bandiga ko'ra, axborot vositachisi ham elektron tijorat sub'ekti hisoblanadi va uning shartnoma asosida o'z xizmatlaridan foydalanishi mantiqqa ziddir.

Shu bois, loyiha ilovasining 15-bandidagi “Elektron tijorat sub'ektlari” jumlasini “Elektron tijorat ishtirokchilari” jumlasiga o'zgartirish tavsiya etildi.

4. Loyiha ilovasining beshinchi bobi “Shartnoma tuzish tartibi”, deb nomlangan.

Ushbu bobda shartnoma tuzish tartibi bilan bir qatorda shartnoma shartlari, shuningdek shartnomaning majburiy shartlari ham nazarda tutilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ushbu bob nomini “Shartnoma shartlari va shartnomani tuzish tartibi”, deb o'zgartirish tavsiya etiladi.

5. Loyiha ilovasining 38, 40-bandlarida “Brak qilingan” jumlalari qo'llanilgan.

Ammo, o'zbek tili lug'atida va yuridik til qoidalarida bunday jumla uchramaydi.

Shu sababli, loyihadagi “Brak qilingan” jumlalarini “Yaroqsiz holatga kelgan” jumlalariga o'zgartirish tavsiya etildi.

6. Loyiha ilovasining 44-bandiga ko'ra, “Mahsulotni saqlash zonalarida barcha faoliyat, jumladan yaroqlilik muddati o'tgan mahsulotlar bilan ish olib borish bo'yicha yozma yo'riqnomalar va hisobotlar (bayonnomalar)  bo'lishi lozim. Ushbu yo'riqnomalar va hisobotlar (bayonnomalar) saqlash jarayonlarini aniq va ravshan tasniflashi, materiallar, dori vositalari harakatini va mahsulotni chaqirib olish zarurati yuzaga kelgan xolda tashkilot doirasidagi ma'lumotlarni aks ettirishi lozim”, - deb belgilangan.

Lekin, loyihada ushbu yo'riqnomalar va hisobotlar (bayonnomalar) kim tomonidan tuzilishi va ularni kimlar tasdiqlashi nazarda tutilmagan.

Loyiha ilovasida ushbu masalani aniq belgilab o'tish tavsiya etildi.

7. Loyiha ilovasining 60-bandiga ko'ra, “O'zbekiston Respublikasi hududidagi dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji va chakana realizatsiya qilish hamda ularni ishlab chiqarish, farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo'lgan tashkilotlar ushbu tartib talablariga rioya etilishini nazorat qilish litsenziya beruvchi organga yuklanadi”, - deb belgilangan.

Ammo, ushbu bandda mazkur tartib talablariga rioya etilishini nazorat qilish qanday tartibda amalga oshirilishi nazarda tutilmagan.

Shu bois, loyiha ilovasining 60-bandini “rioya etilishini” jumlasidan keyin “qonunda belgilangan tartibda” jumlasi bilan to'ldirish tavsiya etildi.

Ushbu Xulosani berishda, eng avvalo, ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan normalarni me'yoriy-huquqiy hujjat loyihasida nazarda tutilmasligi, loyihada o'zaro nomuvofiqliklar hamda tushunilishi aniq bo'lmagan mavhum holatlar bo'lishiga yo'l qo'ymaslik nazarda tutildi.

Palata tomonidan berilgan ushbu tavsiyalarning barchasi Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan inobatga olingan holda, loyiha qayta ishlanib, Palata bilan kelishildi.

Shu o'rinda alohida ta'kidlash lozimki, bu kabi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini o'rganish va ularga Xulosa berish orqali Savdo-sanoat palatasi Respublika biznes hamjamiyatining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga o'z hissasini qo'shib kelmoqda.