16.11.2015 3299

Poytaxtimizning Uchtepa tumanida «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kommunal va qurilish mahsulotlari» ko‘rgazma yarmarkasi tashkil etilmoqda


2015 yil 23 noyabrdan 27 noyabrga qadar poytaxtimizning Uchtepa tumanida «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kommunal va qurilish mahsulotlari» ko‘rgazma yarmarkasi tashkil etilmoqda

Qurilish materiallari sanoati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar va kompaniyalar ishlab chiqarishning barqarorligi va yanada rivojlanishini ta’minlash uchun doimo mahsulot savdosini yaxshilash va kengaytirishga muhtoj bo‘ladi. Mahsulot bozorlari bilan ishlash esa oson ish emas. Sotishni tashkil etish uchun ishlab chiqaruvchi maxsus bo‘lim tuzib, xaridor va iste’molchi bilan aloqani ta’minlaydigan mexanizmni ishga tushirishi lozim. Boshqacha aytganda, sanoat strukturasi tarkibida amaliy marketing bo‘limi shakllantirilishi lozim.

Bu bo‘lim bozor segmenti hisoblanadigan korxona mahsulotlarini tizimli asosda o‘rganib, bozordagi talab va taklifni tahlil etish orqali maqsadli monitoring o‘tkazishi;

- mavjud tamoyillarni tadqiq etishi, xaridor va iste’molchilarning ehtiyojlarini o‘rganib, kelajak rejalarini tuzishi;

- talab va taklifni hisobga olgan holda mahsulot tannarxi va narx-navosiga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni aniqlashi,

- bozorda tovarlar harakati epchil va tezkor bo‘lishini ta’minlaydigan yo‘l-yo‘riqlarni topishni talab etiladi.

Faqat aytishga oson bo‘lgan bu ishlar esa, aslida kattagina mablag‘ va anchagina vaqt talab qiladi. Holbuki, ko‘p hollarda ishlab chiqaruvchiga ayni shu ikkisi etishmay turgan bo‘ladi. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bu kabi muammolarni samarali va kamchiqim hal etishning yo‘llaridan biri doimiy faoliyat yuritadigan (ulgurji) yarmarkalar tashkil etish hisoblanadi. Chunki mahsulotni sotish bilan bog‘liq yumushlarning bir qismini professionallarga ishonib topshirgan ishlab chiqaruvchi o‘zining kuch va imkoniyatlarini mahsulot sifati va miqdorini oshirishga yo‘naltirishga sarflashi mumkin. Chunki yarmarka tayyor mahsulotga nisbatan talab va taklifni muvofiqlashtirish, rejalashtirilayotgan mahsulotga buyurtmalar portfelini shakllantirishning vaqt sinovidan o‘tgan mexanizmi sanaladi. U ishlab chiqaruvchi va etkazib beruvchiga (dilerga) xaridor va iste’molchi bilan bevosita tijoriy muloqotga kirishish imkoniyatini yaratadi. Doimiy faoliyat yurituvchi yarmarkalar:

- sifatli mahsulotni targ‘ibot qilishning;

- ishlab chiqaruvchi imidjini oshirishning;

-doimiy ishtirokchi brendini tashviqot qilishning professional uslublariga va real imkoniyatlariga ega bo‘ladi.

Yarmarkalarda zamonaviy ko‘rgazma vositalari, texnik jihozlar, yuqori darajada servis xizmati ko‘rsatish imkoniyatlari mavjuddir. Shuningdek, yarmarkalar turli vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning vakolatxonalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turadi. Yarmarka faoliyatining natijalariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar mahsulot tayyorlash, uning assortimenti va nomenklaturasini yangilash, sifati va dizaynini yaxshilash bo‘yicha qarorlar qabul qilishi mumkin.

Shuningdek, yarmarakalar yana quyidagi vazifalarni ham bajaradi:

mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar mahsulotini namoyish qilish va sotish uchun maydoncha hozirlash;

sifatli va import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish;

ishlab chiqaruvchi-iste’molchi-buyurtmachi zanjiridan vositachilarni qisqartirish;

mahsulot ishlab chiqarish va sotish sohalarini demonopolizatsiya qilish;

korxona va tashkilotlar, fermerlar, ijarachilar va xususiy shaxslarni zaruriy mahsulotlar bilan ta’minlash;

tovarlar taqchilligiga barham berish;

tomonlarning mustaqil ravishda o‘zaro xo‘jalik aloqalariga kirishi;

ishlab chiqaruvchilarning mahsulot tayyorlash rejasini tuzishi, uning assortimentini kengaytirishi va yangilashi;

iste’molchilarning talabini hisobga olgan holda yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishi;

ishlab chiqaruvchilar, iste’molchilar va vositachi tashkilotlar hamkorligida mahsulot ishlab chiqarish va etkazib berish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan qarorlar qabul qilish;

foydalanilmayotgan va ikkilamchi mahsulotlarni, konditsiyaga etmagan materiallar va buyumlarni xo‘jalik muomalasiga kiritish;

mintaqalararo tovar almashinishini faollashtirish;

yangi tur mahsulotlarni reklama qilish, ularga bo‘lgan talabni shakllantirish, madaniyat, fan va texnika yutuqlari, yangiliklar va ilg‘or tajribalarni targ‘ib qilish;

muayyan mahsulotga nisbatan bozordagi talabni aniqlash;

Vaqti-vaqti bilan tashkil etiladigan ko‘rgazma-yarmarkalardan farqli o‘laroq, DIMAX doimiy faoliyat yurituvchi ulgurji yarmarka hisoblanadi. Unda qurilish materiallari, texnologiyalari, texnikasi va asbob-uskunalari ishlab chiqaruvchilar, vositachi tashkilotlar, xorijiy brendlarning savdo vakillari, shuningdek, savdo va xarid bo‘yicha yordamchi korxonalar vakillari ishtirok etadi. Yarmarka savdolariga avvaldan tayyorlab qo‘yilgan yoki endi tayyorlanishi rejalashtirilayotgan mahsulotlar, boshqa mintaqalarga yuborilgan, biroq o‘sha joyda ortiqchaligi bilinib, talab bor bo‘lgan boshqa joylarga qaytadan savdoga qo‘yilishi mo‘ljallanayotgan mahsulotlar qo‘yilishi mumkin.

Yarmarkada bu tovarlarning o‘zi sotilmaydi. Ular ko‘rgazmaga namuna, buklet, prospekt, katalog, chertej, fotografiya, slayd, kino va videorolik shaklida qo‘yiladi.

Shuningdek, yarmarkada ilmiy-texnik ishlanmalar ham eksponat, maket, konstruktorlik va texnologik, patent va litsenziya hujjatlari shaklida qo‘yilishi mumkin. Mahsulot ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar yarmarkada bevosita qatnashishi yoki qatnashmasligi mumkin.

Tayyor mahsulotlar bozorida yarmarkalarga faqatgina oldi-sotdi operatsiyalari o‘tkaziladigan tadbir sifatida emas, balki talabni shakllantiradigan, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, ular assortimentini kengaytirish va yangilash, sifatini yaxshilashga ta’sir ko‘rsatadigan usul sifatida ham qarash kerak. Bugungi kun xaridoriga yarmarkaga borib biron mahsulot xarid qilishning o‘zi kamlik qiladi. Uning uchun ishlab chiqaruvchi va vositalarchilar birga bozor ehtiyojini qondiradigan yangi echimlar topish, mahsulot ishlab chiqarishning yangi yo‘nalishlarini topish, moddiy, moliyaviy va mehnat resurslaridan yanada yaxshiroq foydalanish ham muhim omil hisoblanadi.

Sirtdan qaraganda, ulgurji savdo bilan shug‘ullanadigan yarmarkalar ko‘p hollarda tovar birjalariga o‘xshab ketadiganday tuyuladi. Biroq ulgurji savdoning bu shakllarida juda farqli jihatlar ko‘p. Masalan, yarmarkada birjaga xos bo‘lgan maklerlar, brokerlar, narx-navo kotirovkasi kabi ajiotaj tug‘diradigan unsurlar mavjud emas.

Yarmarkada birja bosimi bo‘lmaydi, vositalarchilarning soni ham kam, narx-navo ham nisbatan barqaror. Xaridorlar va sotuvchilar uchun yarmarkada ishtirok etish anchayin oson, arzon va qulay.

Bundan ko‘zlagan asosiy maqsadimiz qurilish sanoati sohasida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirishga, eksportni tashkil etish va rivojlantirishga, xorijiy qurilish va konsalting kompaniyalari orqali qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashishdan iboratdir.

Biznes-markaz ishlab chiqaruvchilar va dilerlar bilan strategik hamkorlik qilib, ularga moliyaviy, yuridik, reklama va marketing hamda boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatadi, hamkorlariga kredit mablag‘larini jalb qilishda amaliy yordam beradi.

Bu hali hammasi emas!

Ko‘rgazma ishtirokchilari xorijiy qurilish kompaniyalari va biznes-markaz mutaxassislari tomonidan tashkil etiladigan o‘quv seminarlarida malaka oshirish, ulgurji yarmarka savdosi, logistika, mahsulot ekspeditsiyasini tashkil etish, elektron birja savdolarida qatnashish, sertifikatlash bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Biznes markazi ko‘rsatadigan yana bir eng muhim xizmat, bu - yarmarkaning doimiy a’zolari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar va tovar belgilari reklamasini tashkil etish, sifatli mahsulotlarni iste’molchilar va buyurtmachilar o‘rtasida ommalashtirishdan iborat.

Dunyo tajribasidan yaxshi ma’lumki, doimiy faoliyat yurituvchi yarmarkalar ishlab chiqaruvchiga o‘z biznesini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishda beminnat ko‘makchi bo‘ladi. Iste’molchi uchun esa sifatli qurilish materiallarini vositachilarsiz, xohlagan to‘lov turi bilan arzon narxlarda xarid qilishga sharoit yaratadi.

Barchangizni 2015 yil 23 noyabrdan 27 noyabrga qadar poytaxtimizning Uchtepa tumanida «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” kommunal va qurilish maxsulotlari» ko‘rgazma yarmarkasida kutamiz. Yarmarkada qatnashish uchun shartnomalar tuzilishi davom etmoqda.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni (+99895) 177-98-24, 247-64-99, 247-01-01raqamli telefonlar va info@chamber.uz    internet saytidan olishingiz mumkin.

Ko‘rgazma-yarmarka to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot: