13.12.2015 6710

Taraqqiyotimizning ishonchli tayanchi


Toshkentda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari IV milliy forumining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Ekologik harakati va boshqa jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi. 

“Daxldorlik hissi bilan Vatan ravnaqi sari” shiori ostida o‘tkazilgan forumning dastlabki bosqichi joriy yilning 25-28 noyabr kunlari barcha hududlarda o‘tkazilib, unda 2,5 mingdan ortiq NNT va davlat organi vakillari ishtirok etdi. 

Forumda jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, o‘sib kelayotgan sog‘lom va barkamol avlodni milliy qadriyatlar va an’analar, Vatanga bo‘lgan muhabbat ruhida tarbiyalashda NNTlar rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Ayollar huquqini himoya qilish, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy hayotida ularning keng ishtirokini ta’minlash borasida ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, atrof-muhitni himoya qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi dastur va loyihalarni amalga oshirishda NNT ishtirokini kengaytirish, joylardagi ijtimoiy-gumanitar masalalarni hal etishda fuqarolarning ko‘ngilli va xayriya faoliyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etildi. 

Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda inson huquq va manfaatlari himoya qilinadigan, uning salohiyatini yuzaga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlaydigan kuchli fuqarolik jamiyati qaror topayotgani ta’kidlandi. Bunda fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNTlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta’minlashga ko‘maklashmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari" tamoyilini hayotga tatbiq etish uchun eng yuksak demokratik talablarga javob beradigan, fuqarolik jamiyati institutlarining erkin rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan 250 dan ortiq qonunchilik hujjatini mujassam etgan mustahkam huquqiy baza yaratildi. Shu bilan birga, keyingi yillarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar NNTlarni ro‘yxatga olish, ularning faoliyatini tashkil etish tartibini soddalashtirdi. Bugungi kunda mamlakatimizda jamiyat hayotining turli sohalarida 8 ming 200 dan ziyod NNT faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiyatsiyasi davlat boshqaruvi organlari va NNTlar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. 

Yurtimizda ushbu demokratik jarayonni davlat tomonidan rag‘batlantirishning o‘ziga xos tizimi yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi shu maqsadda faoliyat yuritayotir. 2008-2015 yillarda mazkur fond orqali NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijtimoiy ahamiyatga ega o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 47,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘lar davlat ijtimoiy buyurtmasi, granti va subsidiyasi shaklida taqsimlandi. 

Davlat tomonidan yaratilayotgan qulay sharoitlar, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar fuqarolik institutlarining davlat va jamoat ishlarini boshqarishdagi faol ishtirokini kuchaytirmoqda. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi NNTlar faoliyatini, ularning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi vakolatini kengaytirish va faollashtirishda yangi bosqichni boshlab berdi. 

Kontseptsiya asosida so‘nggi besh yilda nodavlat notijorat tashkilotlarini jadal rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida” va “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. 

2013 yilda keng jamoatchilik muhokamasidan so‘ng “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi ekologik nazoratni amalga oshirish, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha hududlardagi vaziyatni monitoring qilishda jamiyat va nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokini yanada faollashtirishga qaratilgan. 

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi fuqarolik jamiyati institutlari mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Mazkur qonunga ko‘ra, davlat organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlarga oid axborotdan aholi, nodavlat notijorat tashkilotlarining keng foydalanishi ta’minlanmoqda. 

“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Qonun davlat organlarining NNTlar bilan hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirdi, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar va qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini kuchaytirdi. 

Jamoatchilik nazoratining me’yoriy-huquqiy bazasini yanada rivojlantirish vazifalarini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi rolini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tashabbusiga binoan 2014 yilda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. 

Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda o‘zini o‘zi boshqarish organlari, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish orqali ishtirok etish huquqiga egadir. 

Forumda davlat organlari va NNTlar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning samarali tizimini shakllantirish jarayonidagi mavjud imkoniyatlar va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Bunda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli ta’minlashda, qonun hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda NNTlarning ishtirokini kengaytirish, joylardagi sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi masalalarni hal etishda NNTlarning rolini oshirish, NNT va tadbirkorlik sub’ektlarining hamkorligini kuchaytirishga e’tibor qaratildi. 

2015 yilning o‘tgan davrida 6 tanlov o‘tkazilgan bo‘lsa, unda 277 NNTning ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ularga 10 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. E’tiborlisi, ushbu loyihalarning aksariyati “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etdi. 

Forum doirasida “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy hayotida ularning keng ishtirokini to‘laqonli ta’minlash sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish”, “NNTlarning atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohalaridagi dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi ishtiroki, ularning tabiatni muhofaza qilish borasidagi faoliyati samaradorligini oshirish”, “Joylarda ijtimoiy-gumanitar masalalarni hal etishda fuqarolarning ko‘ngilli va xayriya faoliyatini rivojlantirish” kabi mavzularda davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi. 

Davra suhbatlari bo‘yicha yakuniy hujjatlar ishlab chiqildi va ularning taqdimotlari tashkil etildi. 

Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning respublika, tarmoq va hududiy dasturlarini, jumladan, “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturining amaliy natijalarini o‘rganish hamda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga takliflarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi. 

Mamlakat bosqichida respublika va hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Ular orasidan 62 nafariga, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovi g‘oliblariga umumiy hajmi 1,5 milliard so‘mlik davlat granti sertifikatlari topshirildi. 

Manba: Uza.uz