17.12.2015 6136

Tadbirkor ayollarning eng yaxshi loyihalari


Mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, ayollarning ijtimoiy faolligi va bandligini oshirish, uy-ro‘zg‘or yumushlarini engillashtirishda qulay ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘plab loyihalar hayotga samarali tatbiq etilmoqda. 

Bu jarayonda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qator loyihalarni ro‘yobga chiqarayotgani diqqatga sazovordir. 2013 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Tadbirkor ayolning eng yaxshi loyihasi” tanlovi ishbilarmon ayollar safini kengaytirish, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. 

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida mazkur tanlovning mamlakat bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda ushbu yo‘nalishdagi ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi. 

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi G.Mahmudova, Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi T.Norboeva, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanayotgani soha rivoji va aholi farovonligini oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2014 yil 15 aprelda imzolangan “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining hayotga tatbiq etilishi bu yo‘ldagi ishlarni yanada jadallashtirishda dasturilamal bo‘layotir. 

Joriy yilda tijorat banklari tomonidan ayollar rahbarligidagi ishlab chiqarish tarmoqlariga 1,2 trillion so‘mdan ziyod, kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 51 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari yo‘naltirilgani opa-singillarimizning jamiyat hayotida munosib o‘rin topishiga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir. 

Tanlovning quyi bosqichlarida bir yarim mingdan ortiq tadbirkor ayol o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkor xotin-qizlarning loyihalari “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Servis sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Qishloq joylarga mo‘ljallangan eng yaxshi loyiha” kabi yo‘nalishlarda saralanib, ularning 42 nafari yakuniy bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. 

Tanlovda biznes loyihalari birinchi va ikkinchi o‘rinlarga loyiq topilgan 28 g‘olibga tijorat banklaridan 4 milliard 123 million so‘m kredit mablag‘i ajratish to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi. 

Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Bozorova Nigora” dehqon ho‘jaligi rahbari Nigora Bozorovaning suvni qadoqlash tsexi ochish va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga oid loyihasi “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha”, deb topildi. Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi “To‘maris istiqbol tekstilь” korxonasi vakili Dilafro‘z To‘xtasinovaning kiyim-kechaklar, bolalar trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga oid loyihasi “Qishloq joylariga mo‘ljallangan eng yaxshi loyiha” sifatida e’tirof etildi. Andijonlik Dilfuza Eshonovaning pazandachilik va qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash kurslarini kengaytirish va xususiy maktabgacha tarbiya muassasasi ochishga doir loyihasi “Servis sohasidagi eng yaxshi loyiha” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. G‘olib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. 
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi. 

Manba: uza.uz