17.12.2015 11250

“Korporativ boshqaruv Kodeksi, uning aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyatining ochiqligini oshirish, ularda korporativ boshqaruvning ilg‘or uslublarini joriy etishdagi roli va ahamiyati” mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi


2015 yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi tashabbusi bilan  tashkil etilgan “Korporativ boshqaruv Kodeksi, uning aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyatining ochiqligini oshirish, ularda korporativ boshqaruvning ilg‘or uslublarini joriy etishdagi roli va ahamiyati” mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, aktsiyadorlik kompaniyalari, aktsiyadorlik jamiyatlari vakillari ishtirok etdilar.

Ma’lumki, iqtisodiyotda davlat ishtiroki ulushini kamaytirish, xususiy mulkchilikning o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, haqiqiy raqobat muhitini shakllantirish va shu orqali ishlab chiqarilayotgan mahsulotning, korxonalarning, umuman iqtisodiyotning raqobatdoshligini oshirish, fond bozori, xususan ikkilamchi fond bozorini jadal rivojlantirish, korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish uning ilg‘or uslublarini joriy etish, aktsiyadorlik jamiyatlari ochiqligini oshirish muhim masalalardan biri hisoblanadi.

                     

Mustaqillik yillari davomida korporativ boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha etarli me’yoriy-huquqiy baza shakllantirilganiga qaramasdan, bugungi kunda ushbu sohadagi qonun hujjatlari halqaro me’yorlarni joriy etgan holda yanada takomillashtirishga ehtiyoj mavjud.

Aktsiyadorlik jamiyatlarining faoliyati “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari va bir qator qonunosti va idoraviy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Biroq, bugungi kunga kelib, korporativ boshqaruvning ilg‘or uslublarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar, jumladan, uzoq muddatli istiqbolda rivojlanish strategiyasi va vazifalari, ichki nazorat tizimlari va ijro organining aktsiyadorlar hamda investorlar bilan samarali o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini belgilash, aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyatining ko‘lami, tarmoq xususiyatlari va yo‘nalishlarini inobatga olgan holda, namunaviy tashkiliy tuzilmani joriy qilish, aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyatining ochiqligini oshirish, ular tomonidan xalqaro standartlar asosida audit va moliyaviy hisobot axborotini nashr qilishni ko‘zda tutuvchi yagona hujjatni ishlab chiqish zarurati yuzaga keldi.

Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 24 apreldagi “Aktsiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Germaniya hamda boshqa rivojlangan davlatlarning muvaffaqiyatli tajribasi asosida Korporativ boshqaruv kodeksini ishlab chiqish belgilab berildi.

Korporativ boshqaruv tizimiga zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy qilish, korxonalarni strategik boshqarishda aktsiyadorlar rolini kuchaytirish uchun qulay sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan mazkur Kodeks loyihasini ishlab chiqish zaruriyati, mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, korporativ boshqaruvga oid mavjud qonunchilikni yanada takomillashtirish bilan asoslanadi.

O‘zbekiston Respublikasining Korporativ boshqaruv kodeksi loyihasini ishlab chiqish jarayonida Germaniya, Buyukbritaniya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Qozog‘iston Respublikalarining Korporativ boshqaruv kodekslari o‘rganib chiqildi.

Korporativ boshqaruv kodeksi faoliyat ochiqligining yuqori standartlarini joriy qilish, direktorlik korpusi mas’uliyatini oshirish, aktsiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aktsiyadorlarning, jumladan minoritar aktsiyadorlarning rolini oshirish, korporativ boshqaruv sohasidagi nizolarni hal qilish, korporativ boshqaruv tizimida yuqori samaradorlikka erishish imkonini beradi.

Seminar qizg‘in bahs-munozalar bilan o‘tdi.