17.12.2015 15310

“Yagona darcha imkoniyatlar markazi” nomli matbuot anjumani o‘tkazildi


Joriy yilning 16 dekabrь kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi qoshidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Biznes forumi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan “Yagona darcha imkoniyatlar markazi” nomli matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2015 yil 15 mayda qabul qilingan «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4725 sonli Farmoni va 2015 yil 28 sentyabrda «Tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2412 sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik tuzilmalariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini tubdan oshirish va shaffofligini ta’minlash, hokimliklar huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspektsiyalari negizida tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi yagona markazlari tashkil etish anjumanning bosh mavzulari bo‘ldi.

          

Ushbu qarorga asosan, 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab vazirliklar, davlat qo‘mitalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarida mavjud «yagona darcha» xizmatlarining faoliyati to‘xtatilishi belgilangan.

Tashkil etilayotgan «Yagona darcha» markazlarining asosiy vazifalari nimalar, bu tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga qanday qulayliklar olib keladi, degan savol tug‘iladi. Darhaqiqat, mutaxassislar ushbu savollar yuzasidan batafsil ma’lumot berish bilan birga, «Yagona darcha» orqali tashkil etiladigan xizmatlar haqida ham atroflicha to‘talib o‘tdilar. Qarorga muvofiq 2016 yil 1 yanvardan boshlab «yagona darcha» orqali ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar tavsiflandi. Jumladan, yangi yil boshidan tadbirkorlar muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga ulanish, bino va inshoatning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, ob’ektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruktsiya qilish, qurilish-montaj ishlariga ruxsat berishdan tortib tashqi reklamalarni joylashtirish, o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanishga ruxsat berish kabi ko‘plab o‘zlarini qiynaydigan savollarga shu joyning o‘zidan javob topishlari mumkin bo‘ladi.

Anjumanda mazkur qarorda belgilangan vazifalarni to‘laqonli hayotga tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar hamkorlikda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartiblarini targ‘ib qilish yuzasidan doimiy ravishda mintaqaviy seminarlar o‘tkazishlari lozimligi alohida ta’kidlandi.