09.10.2018 256

Navoi va Buxoro viloyatlarida tadbirkorlar uchun seminarlar o'tkazildi


2018 yil 4 va 5 oktyabr kuni Navoi va Buxoro viloyatlarida Savdo-sanoat palatasi tomonidan prokuratura, soliq, bojxona hududiy boshqarmalar hamda mexnat inspeksiya xodimlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub'ektlari uchun ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo'lgan huquqbuzarliklar profilaktikasi masalasiga bag'ishlangan ochiq seminar o'tkazildi.
Seminar mobaynida joriy yilning 9 oiyida aniqlangan qonunbuzilish xolatlari, ular sodir etilishi sabablari va imkon yaratayotgan shart-sharoitlar tanqidiy muhokama qilindi. Shu bilan bir qatorda seminar davomida tadbirkorlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar uchun belgilangan javobgarlik, korrupsiya mohiyati va unga qarshi kurashish masalasi bo'yicha atroflicha tushuntirish berildi.

Palataning boshqarma boshlig'i B.Ibadullaev o'z nutqida yangi tahrirdagi “O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida”gi Qonunida tadbirkorlikni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimida Palataning o'rni va roli aniq belgilab qo'yilganligi va quyidagi protsessual huquqlar berilganligi, ya'ni davlat boji to'lamasdan sudlarga da'vo arizalar kiritish va sud majlislarida ishtirok etish, jinoyat ishlari bo'yicha ish yuritishda, nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkaziladigan tekshiruvlarda jamoatchilik himoyachilari sifatida ishtirok etish, huquqbuzarliklar, shu jumladan korrupsiya profilaktikasi ishida davlat organlariga ko'maklashish vazifalari xususida atroflicha so'z yuritdi.

Tadbirda tadbirkorlar doirasida qonuniylikni mustahkamlash, yangi qabul qilinayotgan qonun xujjatlarini joylarda samarali ijro etilishi, mavjud muammolar yechimini topish, tadbirkorlarning huquqiy ongi va biznes yuritish madaniyatini yuksaltirish va ijtimoiy mas'uliyatini oshirish xususida keng fikr almashildi.
Uchrashuvda tadbirkorlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.


O'z SSP Axborot hizmati  t.me/uzchamber