29.12.2015 9947

Masala 30 daqiqa ichida hal bo‘ladi


Termizda O‘zbekiston Respublikasi Adliya, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. 

Huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi va sud organlari xodimlari, tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. 

Davlatimiz rahbarining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2015 yil 28 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlariga “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotir. 

Surxondaryo viloyatida 10 ming 750 dan ortiq kichik biznes sub’ekti faoliyat yuritmoqda. 2015 yilning 9 oyida mazkur sektor tomonidan 391,9 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. 40 ga yaqin yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Buning uchun tijorat banklari tomonidan 448,8 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. 

Seminarda yuqoridagi farmon va qarorning mazmun-mohiyati, tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillari, ushbu hujjatlar ijrosi doirasida tashkil etilgan “Yagona darcha” markazlarining faoliyati xususida atroflicha so‘z yuritildi. 

– Tuman va shahar hokimliklari huzurida tashkil etilgan “Yagona darcha” markazlari 2016 yilning 1 yanvaridan tadbirkorlik sub’ektlariga o‘n olti turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatadi, – deydi Muzrabot tumani hokimligi huzuridagi “Yagona darcha” markazi rahbari Samandar Daminov. – Buning uchun markazlarda zarur sharoitlar yaratilib, ular malakali mutaxassislar bilan ta’minlandi. Davlat organlari bilan interaktiv aloqa qilish tizimi yaratildi. Endilikda xizmatimizdan foydalanish uchun kelgan tadbirkorlar o‘z arizasini 30 daqiqa ichida topshirish imkoniga ega bo‘ladi. 

Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi. 

Manba: uza.uz