30.12.2015 6785

Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar


Nukusda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam berish masalasiga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda bank tizimi, soliq idoralari xodimlari, joylardagi “Yagona darcha” markazlari rahbarlari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari M.Mamutov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i X.Qaypnazarov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor milliy iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbarining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2015 yil 28 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlariga “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

– Endi o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqaro bank, soliq kabi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga borib yurmaydi, – deydi Ellikqal’a tumanidagi “Yagona darcha” markazi direktori I.Bobojonov. – Tadbirkorga shu erning o‘zida malakali mutaxassislar tomonidan 16 turdagi xizmat turlari taklif etiladi. Markazimizda 8 nafar malakali mutaxassis ishlamoqda. Tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning kompyuterlari 2 Mb/s tezlikka ega bo‘lgan internet tarmog‘ining milliy segment ma’lumotlarini uzatish TAS-IX tarmog‘iga ulandi. O‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarda faoliyatimizni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldik. 

Tadbirda “Yagona darcha” markazlari faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi. 

Manba: uza.uz