25.10.2018 3464

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o'tkazilayotgan “Tashabbus 2018” ko'rik-tanlovining Farg'ona viloyati bosqichi bo'lib o'tdi


Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, qulay tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar o'z samaralarini bermoqda. Yigirma ikki yil vaqt mobaynida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o'tkazib kelinayotgan “Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovining bu boradagi ahamiyati beqiyosdir.

Bu galgi "Tashabbus-2018" ko'rik-tanlovi Farg'ona viloyat bosqichi Farg'ona ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internatida ushbu nufuzli ko'rik-tanlovning viloyat bosqichi bayramona ruhda tashkil etildi.  

Ko'rik-tanlov avvalida so'zga chiqqan viloyat hokimining birinchi o'rinbosari Akmal Ortiqov, O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari O'tkir Bo'taev yurtimizda tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to'xtalib o'tdilar.

Tegishli boshqarmalar, korxona-tashkilotlar, tadbirkorlik sub'ektlari, qo'shma korxonalar vakillari, shahar-tumanlardan tashrif buyurgan qatnashchilar viloyatimiz tadbirkor, hunarmand va fermerlari tomonidan tashkil etilgan ko'rgazma faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. 


Tanlovning bu galgi saralash bosqichlarida 530 ga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmandlar qatnashgan bo'lsa, ularning 93 nafari viloyat bosqichida ishtirok etdilar. 

Ular o'z mahsulotlari ko'rgazmasi, samarali yo'nalishlarga ega biznes-loyihalarini yig'ilganlar e'tibori, nufuzli hakamlar hay'ati e'tiboriga havola etishdi.


G'oliblarni saralashda hakamlar hay'ati adolat mezonlariga tayanishdi. 

Bu yilgi sovrindorlarni 5 ta yo'nalish asosida aniqlash tanlovning o'ziga xos xususiyatlaridan biri bo'ldi.

 
Yakuniy natijalarga ko'ra:

- “Sanoat sohasida eng yaxshi tadbirkor” yo'nalishi bo'yicha 1-o'rinni Dang'ara tumanidagi “Ayubxon tekstil” MCHJ rahbari Dilshoda Usmonova;

- “Xizmat ko'rsatish sohasida eng yaxshi tadbirkor” yo'nalishi bo'yicha g'oliblikni “Farg'ona tibbiy diagnostika” MCHJ rahbari Abdumalik Ergashev;

- “Eng yaxshi yosh tadbirkor” yo'nalishi bo'yicha mutloq g'oliblik Uchko'prik tumanidagi “Mehrigiyo” oilaviy korxonasi rahbari Xondamir Nuriddinov;

- “Eng yaxshi fermer” yo'nalishi bo'yicha eng yuqori natijani Farg'ona tumanidagi “Vodiy milk” fermer xo'jaligi rahbari Alisher Abdurahmonov;

- “Eng yaxshi hunarmand” nomiga Oltiariq tumanidagi “Sado” xususiy korxonasi rahbari Sardor Nortojiev sazovor bo'ldi.


Tanlovda turli nominatsiyalar bo'yicha ham eng yaxshi ishtirokchilar nomi e'lon qilindi. G'oliblarga diplom va qimmatbaho sovg'alar topshirildi.


O'z SSP Axborot hizmati  t.me/uzchamber