26.10.2018 2303

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o'tkazilayotgan “Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovining Navoiy viloyat bosqichi yakunlandi


2018 yil 16 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkor, fermer va hunarmandlar o'rtasida o'tkaziladigan “Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovini tashkil etish va o'tkazish to'g'risida”gi 676-F-sonli farmoyishi qabul qilindi.

Joriy yilning 23 oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o'rtasida an'anaviy tarzda har yili o'tkazilib kelinayotgan “Tashabbus-2018” ko'rik tanlovining Navoiy viloyati bosqichi Navoiy shahar markazida joylashgan “Yoshlar Markazi” binosida bo'lib o'tdi.

Farmoyishga asosan “Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovining Navoiy viloyat bosqichi o'tkazildi.

“Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovining Navoiy viloyat bosqichini tantanali ochilish marosimida Navoiy viloyat xokimi K.Tursunov ochib berdi. 

Shuningdek, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari J.Urakov so'zga chiqdi. U o'z nutqida “Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovining yurtimizda faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash hamda ularning faoliyatini yanada kengaytirishda alohida ahamiyatga egaligini aytdi. Shuningdek, “Tashabbus 2018” ko'rik tanlovi bu yil o'tgan yildagi tanlovlarga nisbatan  yangicha formatda o'tkazilayotgani, nominatsiyalar yana 2 taga ortganini ta'kidladi.

Tanlovda tadbirkor, fermer hamda hunarmandlar quyidagi 5 ta yo'nalishlarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini g'olibi bo'lishdi:

- Sanoat sohasida "Yilning eng yaxshi tadbirkori" yo'nalishi bo'yicha - “TOSHRABOT TEXTILE” ma'suliyati cheklangan jamiyati rahbari - Umurov Faxriddin;

- Xizmat ko'rsatish sohasida "Yilning eng yaxshi tadbirkor" yo'nalishi bo'yicha - “QIZILQUM BAXT BARAKA” ma'suliyati cheklangan jamiyati rahbari - Nasridinov Ilxom;

- “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkor” yo'nalishi bo'yicha - “EXPORT PLAST PRODUCT” ma'suliyati cheklangan jamiyati rahbari - Saidov Obidjon;

- “Yilning eng yaxshi fermeri” yo'nalishi bo'yicha - “NARGIZ DIYOR” fermer xo'jaligi fermeri - Raxmonov Dilshod;

- “Yilning eng yaxshi hunarmandi" yo'nalishi bo'yicha - yakka tartibdagi tadbirkor - Islomova Gulmira;

Ko'rik-tanlovning viloyat bosqichida shahar va tuman bosqichlarida g'oliblikni qo'lga kiritgan 47 nafar g'oliblar, shundan 10 nafar sanoat soxasidagi tadbirkor, 10 nafar xizmat ko'rsatish soxasidagi tadbirkor, 9 nafar yosh tadbirkor, 8 nafar fermer va 10 nafar hunarmandlar qatnashdilar.

“Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovida ishtirokchilar qo'shimcha nominatsiyalari bo'yicha qatnashdilar:

“Eng yaxshi tadbirkor ayol” nominatsiyasi;

“Eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasi;

“Yoshlarga eng ko'p ish joyi yaratgan tadbirkor” nominatsiyasi;

“Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi” nominatsiyasi;

“Eng yaxshi eksportchi” nominatsiyasi;

“Eng mas'uliyatli ijtimoiy sherik” nominatsiyasi;

“Yilning eng yaxshi mahsuloti” nominatsiyasi;

“Mening Yurtim mening iftixorim” nominatsiyasi;

G'olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg'alari taqdim etildi. Viloyat bosqichida birinchilikni qo'lga kiritgan g'oliblarga respublika bosqichiga yo'llama berildi.


O'z SSP Axborot hizmati t.me/uzchamber