22.01.2016 6868

TURIZM SOHASIDA BIZNESNI YURITISH VA KENGAYTIRISH ISTAGIDA BO‘LGAN TADBIRKORLIK SUB’EKTLARI DIQQATIGA!


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar  Mahkamasining 2014 yil 20 fevraldagi “Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida ob’ektlarni qurish va rekonstruktsiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi 31-sonli qaroriga muvofiq Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi shaharning markaziy qismida joylashgan tarixiy-madaniy majmualarni qayta rekonstruktsiya qilish, yangidan tiklash va turizm infratuzilma ob’ektlarini barpo etish choralari ko‘rilmoqda. 
Hozirgi kunda Shahrisabzning markazida joylashgan “Oq saroy” tarixiy-madaniy majmuasida turli tarixiy va madaniy yodgorliklar, binolar, tarixiy qadamjoylarni o‘z ichiga oladigan yagona turistik majmua barpo etilmoqda. Xususan, “Oq saroy” majmuasi o‘z ichiga “Dorus-saodat”, “Dorut-tilovat” majmualari, “Chorsu” madaniy yodgorligi, “Chubin” madrasasi, “Kova” karvonsaroyi, “Abdushukur og‘alik” madrasasi va boshqa o‘nlab tarixiy yodgorliklarni qamrab oladi.
Shahrisabz tumanida turistik sohada xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilma ob’ektlarini kengaytirish maqsadida “Oq saroy” majmuasining Amir Temur maydoni va Xiyobon maydoni bo‘ylab o‘ng va chap tomonlarda 2-3 qavatli turar joy binolari va xorijiy turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi turli ob’ektlar (do‘konlar, hunarmandchilik ustaxonalari, kichik mehmonxonalar, kafe va choyxonalar, savdo shahobchalari) qurilib bitkazilmoqda. Mazkur hududda xorijiy va mahalliy turistlarga kompleks xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida ushbu qurilayotgan bino va inshootlarga hunarmandchilik va amaliy xalq san’atining turli yo‘nalishlarida (naqqoshlik, so‘zanachilik, temirchilik, misgarlik, pichoqchilik, milliy liboslar tikish, zargarlik, miniatyura rassmochiligi, gilamchilik, kulolchilik, sopolchilik, yog‘och o‘ymakorligi) ustaxonalar va do‘konlarni joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga “Oq saroy” majmuasida xorijiy turistlar uchun an’anaviy usulda tashkil etiladigan kichik uy mehmonxonalari, choyxona, suvenirlar do‘koni va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ham tashkil etish rejalashtirilgan.
Mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga taklif etiladigan turistik infratuzilma ob’ektlari cheklangan songa ega bo‘lib, “Oq saroy” majmuasida turistik sohada biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan barcha tadbirkorlik sub’ektlarini xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini xarid qilishga taklif etamiz.

Mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari Shahrisabz tumanidagi “Oq saroy” majmuasida turistlar uchun xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan ob’ektlar, ularni majmuada joylashish tartibi va ularni xarid qilish shartlari yuzasidan batafsil ma’lumot olish uchun 2016 yil 20 fevralga qadar Palataning Zamonaviy mini-texnologiyalar va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘limi mas’ul xodimi Usmonov G‘afurjonga (telefon raqami +99871 150-60-07) yoki Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi Elmirzaev Maqsudga (telefon raqami +99893 555-21-69) yoki Shahrisabz tumani Axborot-maslahat markazi boshlig‘i Zayniddinov Samariddinga (telefon raqami +99893 553-01-00) murojaat qilishlari mumkin.