20.12.2018 3054

Demo Day: «Startap-tashabbuslar-2018» Dasturining final ishtirokchilarini kutib oling.


Yoshlarning startap-tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash dasturining uchinchi davri «Demo Day» maxsus tadbiri bilan yakunlanadi. Ushbu Dasturda 16ta jamoa o'z loyihalarini taqdim qiladi. «Demo Day» yakuni bo'yicha eng yaxshi deb topilgan beshta loyiha o'z g'oyalarini rivojlantirish uchun beminnat investitsiya shaklidagi pul mukofotlariga ega bo'ladilar.

Xususan, ariza yuborgan 510 jamoadan 92tasi Dasturda ishtirok etish uchun saralab olindi. 16ta jamoa yakuniy uchinchi davrga muvaffaqiyatli o'tib, o'z startap-loyihalarini «Demo Day» tadbiridagi salohiyatli investorlar va manfaatdor tashkilotlarga taqdim qilish imkoniyatini qo'lga kiritdilar.

Joriy yilda ta'lim sohasiga oid loyihalar, virtual reallikka asoslangan savdo maydonchalari, startaplar va boshqa loyihalar uchun kraudfanding platformalari, bionik protezni ishlab chiqarish bo'yicha xizmatlar, savdo va umumiy ovqatlanishni boshqarishning avtomatlashgan tizimlari hamda tibbiyot, reklama, turizm sohasidagi boshqa loyihalar taqdim etiladi.

«Demo Day» tadbirida namoyish etilgan startap-loyihalar «Startap-tashabbuslar» Dasturi ishtirokchilarining uzoq davom etgan mehnati samarasidir. Dastur davomida jamoalarning yetakchilari va a'zolari trekerlar (shaxsiy murabbiylar) rahbarligi ostida o'z nazariyalarini sinovdan o'tkazib, minimal ish modellarini yaratdilar va ularni amaliyotda tekshirib ko'rdilar, maqsadli auditoriyani o'rganib, qayta javoblarga ega bo'ldilar, dastlabki «qo'l» savdosini sinab ko'rdilar, loyihaning kamchiliklarini tahlil qilib, uni takomillashtirdilar.


Dasturni amalga oshirish davomida jamoalar «tejamkor startap» (Lean Startup) metodologiyasini tushuntirish, g'oyani rivojlantirish va muvaffaqiyatli biznesga aylantirish asoslarini o'rganishga qaratilgan besh kunlik amaliy seminarda ishtirok etdilar.
Bunga qo'shimcha ravishda malakali ekspertlar ishtirokidagi mahorat maktablari, jumladan O'zbekiston va Rossiyaning yetakchi ekspertlari ishtirokida taqdimotlarni tayyorlash bo'yicha trening o'tkazildi.
Bu yilgi «Demo Day» tadbirida quyidagi loyihalar taqdim etiladi:


Little Big Media - raqamli reklamani joylashtirish uchun supermarketlarda samarali maydonchani taqdim etishga doir xizmat. Maydon ekran (7-8 dyuym) o'rnatilgan gadjetdan hamda supermarket xaridorlarining smartfonlarini quvvatlantirish imkonidan iborat. Gadjet xaridor aravachasining tutqichiga mahkamlanadi.

UZCOMMERCE - O'zbekistondagi kichik va o'rta to'qimachilik biznesi uchun mo'ljallangan V2V elektron savdo maydonchasi.

BitStreem - taraqqiyot kuzatib borish uchun mo'ljallangan va onlayn musobaqalardan iborat mashina yordamida o'qituvchi interaktiv ta'lim tizimi.
M-POS - do'konlardagi mahsulotlarning harakatini ro'yxatga olish uchun ishlab chiqilgan mobil ilova. Bu - omborxona hisobi va savdoni avtomatlashtirish sodda yechimi bo'lib, kichik biznesda zarur bo'lgan barcha funksiyalarga ega: ombor nazorati, kontragentlar bazasi, savdo operatsiyalari va hisobotlar.
Bionik qo'lni ishlab chiqarish - bionik protezni ishlab chiqarish va sotishga oid xizmat. Bionik protez, bu - yo'qotilgan organning ishini tuzilmaviy va funksional jihatdan qaytaruvchi sun'iy organ. 
UzTrucks - yuk tashish mashinalari haydovchilari uchun tegishli yuklarni topishga, shuningdek kichik va o'rta korxonalarning menejerlariga hamyonbop narxlarda yuklarni yetkazib bera oladigan ta'minot xizmati vakillarini topishga yordam beradigan onlayn-platforma. 
Enaga - mening sevimli enagam - enaga xizmatlarini taqdim etuvchi xizmat.
Startupmarket.uz - kraudfanding uchun startaplar katalogi.
UniBus - innovatsion texnologiya bo'lib, ichidagi mikronazoratchilar yoki mikroprotsessorlar, shuningdek neyron tarmoqlar orqali ishlaydigan aqlli kamerasi yordamida yo'lovchilar oqimini hisoblash, kun davomida jamoat transportida qo'llaniladigan malumotlar statistikasini yuritish imkonini beradi. 
Subscription.uz - qo'llash oson bo'lgan pullik obunalar V2V xizmati. Xizmat mijozlar bilan ishlash va to'lovlarni boshqarish vazifalarini o'ziga olib, hamkorlarga sodda integratsiya, obuna shartlarining qulay sozlanishi, mijoz butun muloqotni brendlashtirish imkoniyati va tahlili hisobotlarni taqdim etadi. 
Campaign - O'zbekiston uchun Crowdfunding. Ijtimoiy va tadbirkorlikka oid loyihalarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash.
ERES - umumiy ovqatlanish sohasidagi biznesni simsiz avtomatlashtirishdir. Foydalanuvchi biznesini mahsulotlarni xarid qilishdan tortib to mijoz bilan kassada hisob-kitob qilingunicha nazorat qiladi.
Tashxis.uz - barcha toifadagi shifokorlar va bemorlarni birlashtiruvchi hamda ortiqcha vaqt va mablag' sarflanishini qisqartiruvchi portal. Bemorning o'zi 80 foiz aniqlik bilan tashxis qo'yib, uyidan chiqmasdan tegishli shifokor bilan bog'lanishi mumkin.
VR Emporium - virtual va qo'shimcha reallikka asoslangan savdo-ko'ngilochar markazi. Mijozga ikkita versiya taklif qilinadi: virtual reallikdagi Internet-do'kon, qo'shimcha reallikka asoslangan mobil ilova (mijozning xohishi bilan yaratiladi).
Kontrakt.uz - shartnoma asosida ta'lim olayotgan talablar uchun vaqt va mablag'ni tejashga qaratilgan dastur. Dasturiy ta'minot shartnoma bo'yicha qarzdorlikni bilish, to'lash va to'lovlarni olish imkonini beradi. Dasturiy ta'minot onlayn, Android platformasida ishlaydi va elektron to'lov tizimlari bilan integratsiyalangan.
BeGuest - Android va veb-sayt uchun mo'ljallangan onlayn ilova. Dastur mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun qo'shimcha xizmatlarni taqdim etadi. 
***
«Startap-tashabbuslar» Dasturi 2016 yildan buyon amalga oshiriladi va yoshlarni o'z startaplarini yaratishda hamda tadbirkorlik ko'nikmalarini rivojlantirishda qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan. Dastur BMTTD, Savdo-sanoat palatasining qo'shma faoliyati mahsuloti hisoblanib, joriy yil «Yoshlar-kelajagimiz» davlat dasturining vazifalarini bajarish doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida, shuningdek Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi Elchixonasi moliyaviy ko'magida amalga oshirilmoqda.