21.12.2018 1055

Davlat qimmatli qog'ozlarini muomalaga chiqarish to'g'risida.


2018 yilning 26 – 28 dekabr kunlari Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda davlat qimmatli qog'ozlari (DQQ) bilan operatsiyalarni amalga oshirish amaliyotini qayta yo'lga qo'yadi. Qimmatli qog'ozlar bir million so'mlik nominal qiymatida 6 oylik, 1 yillik hamda 3 yillik muddatlar uchun muomalaga chiqariladi.

DQQlar O'zbekiston Respublikasi Hukumati tasarrufida bo'lgan barcha aktivlar bilan ta'minlangan va O'zbekiston Respublikasi rezidentlari bo'lgan tijorat banklari va yuridik shaxslar o'rtasida joylashtiriladi.

DQQlar bo'yicha foiz to'lovlari Moliya vazirligi tomonidan, muomalaga chiqarish shartlariga muvofiq, ularning to'liq amal qilish muddatlari davomida amalga oshiriladi. DQQ bo'yicha foizli daromadlar daromad solig'idan ozod etilgan.

DQQlar so'ndirilayotgan vaqtida ularning nominal qiymatini hamda mazkur qimmatli qog'ozlarga egalik qilishning butun muddati davomida hisoblangan foizli daromadlarini olish huquqini beradi.

Muddati bir yilgacha bo'lgan DQQlar nol kupon stavkasi, ya'ni diskont bilan hamda muddati bir yildan yuqori bo'lgan DQQlar uchun kupon foiz stavkasi bilan muomalaga chiqariladi (DQQlarning daromadliligini hisoblash usuli O'zRVBning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi).

Bunda, DQQlarning daromadliligi talab va taklif asosida shakllangan moliya bozori kon'yunkturasidan kelib chiqib aniqlanadi.

Mazkur qimmatli qog'ozlarning likvidligi ularning ikkilamchi bozorda sotish imkoniyati bilan ta'minlanadi. Bunda investorda pul mablag'lariga ehtiyoj vujudga kelgan holatda, ular o'zlariga tegishli DQQlarni ikkilamchi bozorda hech qanday cheklov va xarajatlarsiz sotish imkoniyatiga ega bo'ladilar. O'z navbatida, Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda DQQlarni ikkilamchi bozorda doimiy muomalada bo'lishini qo'llab-quvvatlash orqali ularning yuqori likvidliligini ta'minlaydi ya'ni ikkilamchi bozorda DQQlarga talab bo'lmagan hollarda Markaziy bank ularni sotib oladi.

DQQlarning birlamchi joylashtirish Moliya vazirligi topshirig'i bilan Markaziy bank tomonidan auksion o'tkazish orqali amalga oshiriladi.

O'zbekiston Respublikasi valyuta birjasi a'zosi va moliyaviy vositachilik faoliyati bilan shug'ullanish huquqiga ega tijorat banklari yoki boshqa yuridik shaxslar DQQ bilan bitimlar tuzishda diler bo'lishlari mumkin.

Auksion o'tkazish, qimmatli qog'ozlarni muomalaga chiqarish parametrlari va shartlari to'g'risidagi ma'lumotlar Markaziy bank tomonidan auksion o'tkazishdan kamida 7 kun oldin ma'lum qilinadi.

DQQ savdo yakunlari to'g'risidagi ma'lumotlar Markaziy bank va O'zbekiston Respublikasi valyuta birjasining rasmiy veb-saytlarida e'lon qilib boriladi. 

Ichki bozorda DQQlarning muomalaga chiqarilishi kapital bozorida bozor mexanizmlari va moliyaviy instrumentlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.