05.01.2019 2023

Еlektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasi tashkil etildi


Uyushma “O'zeltexsanoat” AK negizida tashkil etiladi. Ixtiyoriy asosda a'zo bo'lgan elektrotexnika sanoati korxonalari va tashkilotlari uning a'zolari bo'lishi mumkin (4.01.2019 yildagi PQ-4090-son qarorga qarang).

Uyushmaga mol-mulk va davlatga tegishli boshqa vositalar, debitor va kreditor qarzdorligi bilan birga o'tkaziladi. “O'zeltexsanoat” AKga tegishli xo'jalik jamiyatlarining ko'chmas mulki va ustav kapitalidagi aksiyalar paketi (ulushi) Davlat raqobat qo'mitasiga o'tkaziladi.

“O'zeltexsanoat” uyushmasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

xom ashyoni qayta ishlash, yuqori qo'shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish bo'yicha yagona kompleks sifatida, shu jumladan, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo'llab-quvvatlash asosida sanoatni barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
ichki va tashqi bozorlarda elektrotexnika mahsulotlariga bo'lgan talab kon'yunkturasini o'rganish va shu asosda mahsulotning yangi turlarini o'zlashtirishda ko'maklashish, ichki bozorni yuqori sifatli milliy elektrotexnika mahsulotlari bilan to'ldirish va uning eksport geografiyasini, shu jumladan, turli axborot resurslari va ko'rgazma tadbirlarida milliy brendlarni ilgari surish va elektrotexnika sanoati korxonalari salohiyatini namoyon etish orqali kengaytirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha yuqori texnologik ishlab chiqarishni o'zlashtirish uchun investitsiyalar, birinchi navbatda, chet el investitsiyalarini keng jalb qilishga ko'maklashish, sanoatni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, ixtisoslashgan yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qo'shma ishlab chiqarishni tashkil etish;
elektrotexnika sanoati sohasidagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini xalqaro talablar va standartlar bilan uyg'unlashtirish orqali uni takomillashtirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;
hududlar salohiyatini yanada rivojlantirish istiqbollari, xom ashyo bazasi, infratuzilma, mehnat resurslari va bozorlarning mavjudligidan kelib chiqqan holda elektrotexnika sanoati korxonalarini joylashtirishga ko'maklashish;
elektrotexnika sanoati sohasida kadrlarni tayyorlashga bo'lgan real ehtiyoj va istiqbolli yo'nalishlarni aniqlash, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo'yicha o'quv dasturlarni takomillashtirishda ishtirok etish, mazkur sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish;
sanoatni jadal rivojlantirishga va elektrotexnika sanoati korxonalarining barqaror faoliyat ko'rsatishiga to'sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish, mazkur sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish.


“O'zeltexsanoat” uyushmasi Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Furqat ko'chasi, 1-uyda joylashtiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 4.01.2019 yildan kuchga kirdi.