21.01.2019 1154

O'zaro kelishuvlar hamkorligimizning jadal rivojlanishidan dalolat beradi.


Hindistonning Gandinagar shahri “Mahatma Mandir” ko'rgazmalar majmuasida “Jo'shqin Gujarat – 2019” IX xalqaro investitsiya sammiti bo'lib o'tdi.

Sammit doirasida Ahmadobod shahrida O'zbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi ham Gandinagar shahrida turli davlatlarning xalqaro savdo ko'rgazmasi tashkil etildi.

Bugungi kunda hind ishbilarmonlari yurtimizda biznes yuritishga katta qiziqish bildirmoqda. Ayni paytda ikki mamlakat biznes doiralari ko'plab qo'shma loyihalarni hayotga tatbiq etayotir.

Ajay Anand, “Aunde India” kompaniyasining boshqaruvchi direktori (Hindiston)

– Bugungi kunda O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi yaqin hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda. O'zaro kelishuvlarimiz hamkorligimizning jadal rivojlanishidan dalolat beradi. Biznesda bu jihat qadrlanadi. Albatta, tuzilgan qo'shma korxona uchun o'z vaqtida yer va joy ajratilishi, biz istagandek kelishuvga erishilganidan mamnunmiz.

O'zbekistonda biznes qilishning manfaatli tomonlari ko'p. Xususan, O'zbekistonning mintaqadagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi mamlakat ekani biz uchun ayni muddao. Yigirma yillik tajribamiz va xalqaro avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorligimiz O'zbekistonga yangi texnologiyalar va g'oyalarni olib kelishimizga xizmat qiladi.

Albatta har bir davlat uchun xorijiy valyutani tejash muhim masala. Hamkorlik munosabati bilan O'zbekiston bozoriga mo'ljallangan mahsulotlarga 25 foizlik chegirma e'lon qildik. Boisi, mijoz bilan to'g'ridan-to'g'ri, vositachisiz o'rnatilgan hamkorlikdan biz ham manfaatdormiz. Kelajakda o'zbekistonlik mutaxassislarni Hindistonga olib kelib, mashina o'rindiqlari uchun jild ishlab chiqarish texnologiyalari bilan yaqindan tanishtirish, xomashyo bilan ishlash sirlaridan boxabar qilish, avtomobil sanoati uchun zarur to'qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda uzoq muddatli biznesni yuritish sirlarini o'rgatmoqchimiz.

Kanvar Deep Singx, “Connecting Patient” kompaniyasi direktori (Hindiston)

– Men O'zbekistonda ko'p marotaba bo'lganman, mahalliy aholi bilan muloqot qilganman. Xalqingizning mehmondo'stligi va xushmuomalaligi doimo meni xursand qilgan. Hozirda O'zbekistonda ko'ptarmoqli tibbiyot klinikasi ochish harakatidaman. Bu boradagi ishlar boshlangan. Agar bu amalga oshsa, nafaqat O'zbekiston aholisi chetga borib davolanishdan to'xtaydi, balki Markaziy Osiyodan kelgan bemorlarga ham tibbiy xizmat ko'rsatish imkoniyati yaratiladi. Yurtingizda bo'lganimda xalqingiz menga juda yaxshi munosabatda bo'lgan, xullas menga o'zbek xalqi o'z sevgisini izhor qilgan. Shuning uchun bunday xalqni dardiga oro kirib, sog'-salomat yashashiga o'z hissamni qo'shmoqchiman. Sammit doirasidagi tadbirlarda O'zbekistonlik mutasaddilar bilan gaplashdim, ular mening taklifimni qo'llab-quvvatladi va qanday muammo bo'lsa hal qilib berishini aytdi. Eng muhimi ayni paytda mamlakatingizda barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilmoqda, bu nafaqat tibbiyotni, balki boshqa tarmoqlarni ham rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi