29.01.2019 1861

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi yangi qaror loyihasini ekspertizadan o'tkazdi.


Savdo-sanoat palatasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash yuzasidan Jamoatchilik ekspertizasi o'tkazuvchi vakolatli organdir.

Savdo-sanoat palatasi O'zbekiston Respublikasining 2018 yil 9 iyulda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida”gi  O'RQ-483-sonli Qonunining (yangi tahriri) 22-moddasiga asosan me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholashda vakolatli organ hisoblanadi.

Palata tomonidan ushbu vakolatni amalga oshirish maqsadida Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazib kelinmoqda.

Xususan, 2018 yil davomida 774 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari Ekspertlar kengashlari tomonidan ko'rib chiqilib, ulardan 355 tasiga salbiy Xulosalar berildi.

Misol uchun, Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori loyihasi bo'yicha jamoatchilik ekspertizasi o'tkazilib, ushbu loyiha yuzasidan quyidagi tavsiyalarni o'z ichiga olgan Jamoatchilik ekspertizasi Xulosasi berildi:

     1. Loyiha ilovasining 6-bandiga ko'ra, “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalarga O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi bo'lgan jismoniy va O'zbekiston Respublikasi hududida davlat ro'yxatidan o'tgan yuridik shaxslar talabgor bo'lishlari mumkin”, - deb belgilangan.

Ushbu norma chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning xalqaro normalarda, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan huquq va manfaatlariga, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlarga ziddir.

Ya'ni, ushbu qoida tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda kavlab olish tashabbusi bilan chiqadigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning huquqlarini cheklaydi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 2018 yil 26 noyabrdagi PQ-4030-sonli Qarori 2-bandi beshinchi xatboshida “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarga jismoniy va yuridik shaxslar talabgor bo'lishlari mumkin”, - deb belgilangan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyiha ilovasining 6-bandini quyidagi tahrirda bayon qilish tavsiya etiladi:

“Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalarga tadbirkorlik sub'ekti hisoblangan jismoniy va yuridik shaxslar talabgor bo'lishlari mumkin”.

     2. Loyiha ilovasining 9-bandi ikkinchi xatboshiga ko'ra, “Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanishning namunaviy shartlari Davlat geologiya qo'mitasining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi va zarurat bo'lganda belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalarida xam e'lon qilinishi mumkin”, - deb belgilangan.

Bunda, yer qa'ri uchastkalaridan foydalanishning asosiy shartlari bilan bir qatorda namunaviy shartlarini belgilash, ammo uni ushbu Nizomda keltirish emas, balki rasmiy veb-saytda joylashtirish nazarda tutilgan.

Biroq, yuqoridagi Qaror talabiga ko'ra, yer qa'ri uchastkasidan foydalanish shartlarini qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to'g'risidagi nizomda nazarda tutish belgilangan.

Shu sababli,

     3. Loyiha ilovasining 21-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Auksionni o'tkazish to'g'risidagi xabar va lot haqidagi axborot auksion boshlanishidan avval 5 kundan kechiktirmasdan operatorning veb-portalida joylashtiriladi”, - deb belgilangan.

Bunda, auksion o'tkazish to'g'risidagi xabarni u o'tkazilishidan 5 kun oldin veb-portalda joylashtirish nazarda tutilgan. Ammo, bu auksion o'tkazilishi haqida barcha tadbirkorlik sub'ektlari xabardor bo'lishi va ariza topshirishi uchun juda qisqa muddatdir.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda boshqa turdagi auksionlarni o'tkazish haqida uning o'tkazilishidan kamida 30 kun oldin ommaviy e'lon qilinishi lozimligi belgilangan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyiha ilovasining 21-bandi birinchi xatboshidagi “5 kundan kechiktirmasdan” so'zlarini “30 kundan kechiktirmasdan” so'zlariga almashtirish lozim.

     4. Loyiha ilovasining 31 bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Yuridik va jismoniy shaxslar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab 4 kun mobaynida auksionda ishtirok etishga elektron shaklda buyurtmanomalar topshiradi hamda elektron buyurtmanomada qayd etilgan lot raqami va nomi bo'yicha elektron savdolar ochilgan kuni bir kun mobaynida auksionda qatnashadi”, - deb belgilangan.

Ushbu Xulosaning 4-bandida keltirilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda, mazkur xatboshidagi “4 kun mobaynida” so'zlarini “30 kun mobaynida” so'zlariga o'zgartirish tavsiya etiladi.

     5. Loyiha ilovasining 57-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Auksion g'olibi auksion yakunlangan kundan boshlab 3 kundan kechiktirmay, auksionda sotilgan auksion ob'ekti qiymatining 100 foizi miqdorini to'lashi va pul mablag'lari o'tkazilganligini tasdiqlovchi to'lov hujjatining elektron (skaner qilingan) nusxasini operatorga jo'natishi lozim”, - deb belgilangan.

Ushbu normada auksionda sotilgan auksion ob'ekti qiymatini to'lash muddati juda qisqa belgilangan. Bu esa, muddatning o'ziga bog'liq bo'lmagan holda o'tib ketib qolishi va natijada auksionni o'tkazilmagan deb topilishiga sabab bo'ladi.

Shu bois, mazkur muddatni uzaytirish va uni ish kuni bilan bog'liq holda belgilash tavsiya etiladi.

     6. Ushbu Xulosaning 5-bandida keltirilgan taklifni inobatga olgan holda, loyiha ilovasining 60-bandida “3 kun ichida” deb belgilangan muddatlarni ish kuni bilan belgilagan holda uzaytirish tavsiya etiladi.

     7. Loyiha ilovasining 74-bandi uchinchi qismida “Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda: eng kam ish haqining 2 barobari miqdorida yig'im undiriladi”, - deb belgilangan.

Bunda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun yig'im miqdori eng kam oylik ish haqining 2 barobari miqdorida qilib belgilangan.

Ammo, amaliyotda eng kam oylik ish haqining har yili oshirib borilayotganligi hamda undiriladigan yig'im miqdorining unga bog'liqligidan kelib chiqilsa, taklif etilayotgan miqdorlar mamlakatimizda olib borilayotgan biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlarga ziddir.

Shu bois, litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun yig'im miqdorini kamaytirish tavsiya etiladi.

     8. Loyiha ilovasining 82-bandiga ko'ra, “Qabul kassalari qimmatbaho metallarni qazib olish va ular bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega tashkilotlarda tuziladi”, - deb belgilangan.

Ammo, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida keltirilgan PQ-4030-sonli Qarori 7-bandiga ko'ra, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DKga ixtisoslashtirilgan qabul kassalarini ochish tavsiya qilinsin, deb belgilangan.

Ya'ni, bunday qabul kassalarini ochish zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo'lgan yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlar uchun majburiy hisoblanmaydi.

Shu sababli, loyiha ilovasining 82-bandini quyidagi tahrirda bayon qilish tavsiya etiladi:

“Qabul kassalari qimmatbaho metallarni qazib olish va ular bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega tashkilotlar tomonidan tuzilishi mumkin”.

     9. Loyiha ilovasining 84-bandiga ko'ra, “Yer qa'ridan foydalanuvchilar qazib qo'lga kiritilgan qimmatbaho metallar aralashmasining barchasini, jumladan, sof holda topilganlarini ham qabul kassalariga topshirishgp majbur”, - deb belgilangan.

Ammo, ushbu Nizom loyihasining 79-bandida “Yer qa'ridan foydalanuvchilar tomonidan belgilangan tartibda ajratib olingan qimmatbaho metallar “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK tomonidan tegishli hududlarda ochiladigan qimmatbaho metallarni sotib oluvchi qabul kassalari, shuningdek, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo'lgan yuridik shaxslarga va yakka tadbirkorlarga kelishilgan narxlarda realizatsiya qilinadi”, - deb belgilangan.

Shuningdek, mazkur norma yuqorida keltirilgan Prezident qarorida ham belgilangan.

Ko'rinib turganidek, yuqoridagi norma ushbu qaror va loyiha ilovasining boshqa bandlari normalariga zid kelgan holda, qimmatbaho metallar aralashmasining barchasini, jumladan, sof holda topilganlarini hamfaqat qabul kassalariga topshirilishini nazarda tutgan.

Mazkur nomuvofiqlikni bartaraf etish maqsadida, loyiha ilovasining 84-bandini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

     10. Loyiha ilovasining 95-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Qimmatbaho metallarning xomashyodagi narxi shartnoma asosida yer qa'ridan foydalanuvchilar va qabul kassalari tomonidan xomashyoni qabul kassasiga topshirish paytida belgilanadi”, - deb keltirilgan.

Mazkur norma ham yuqorida keltirilgan PQ-4030-sonli Qaror talablariga zid. Ya'ni, bunda qimmatbaho metallarni zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo'lgan yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlarga realizatsiya qilinishi nazarda tutilmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, loyiha ilovasining 95-bandi birinchi xatboshini quyidagi tahrirda bayon etish tavsiya etiladi:

 “Qimmatbaho metallarning xomashyodagi narxi uni realizatsiya qilish jarayonida shartnoma asosida belgilanadi”.

     11. Loyiha ilovasining 112-bandiga ko'ra, “Qimmatbaho metallarni yashirish, shu jumladan uni 6 oy ichida realizatsiya qilmaslik, shuningdek, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish chog'ida ishlarni bexatar olib borish talablarining buzilishi oqibatida insonlarning og'ir tan jarohati olishi yoki o'limiga olib kelishi yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqini muddatidan oldin bekor qilish va mazkur faoliyat bilan shug'ullanishni bir yil davomida cheklash uchun asos bo'ladi”, - deb belgilangan.

Mazkur normada bir marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun ikki karra javobgarlik choralarini qo'llash nazarda tutilgan.

Ya'ni, bunda huquqbuzarlik sodir etganligi uchun ham .

Bu esa, amaliyotda tadbirkorlik sub'ektining ish faoliyatini uni javobgarlikka tortgan holda, keyinchalik cheklanishiga olib keladi.

Shu sababli, ushbu banddan “va mazkur faoliyat bilan shug'ullanishni bir yil davomida cheklash” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

Mazkur Xulosani berishda loyihadagi noaniqliklarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub'ektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida ahamiyat berildi.

Palata tomonidan loyiha “E'tirozlar bilan” imzolandi.

 

O'z SSP Axborot xizmati