07.02.2019 1160

“Biznes yuritish”da qanday qilib yuqori reytinglarga erishish mumkin?


Taraqqiyotga erishaman, dunyo mamlakatlari kabi rivojlanaman, degan davlat borki tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishga harakat qiladi. Chunki, busiz birni ikki qilish, iqtisodni ko'tarish, odamlarning farovon hayotini ta'minlash amri mahol.

Xo'sh, bunda qanday yo'l tutiladi? Dastavval, biznesni yuritishga to'siq bo'layotgan omillar olib tashlanadi, tadbirkorni sarson qilib yuborgan tartib taomillar soddalashtiriladi, to'rachilikka barham beriladi. Shundagina biznes erkin nafas oladi va rivojlanadi, investor esa qo'rqmay pul tikadi, yangi korxonalar ochiladi, ish o'rinlari yaratiladi. 

Bir qarashda juda oddiydek ko'rinadi bu ishlar, gapirishga ham oson. Lekin, qulay biznes muhitini yaratib, shuning ortidan yaxshigina naf ko'rayotgan mamlakatlar qatoridan o'rin olish esa, biz aytganchalik oddiy yumush emas. Buning uchun tadbirkorlikka oid normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish, biznes yo'lidagi turli cheklovlarni olib tashlashga to'g'ri keladi.

O'zbekistonda ham xuddi shunday tadoriklar orqali qulay biznes muhitini yaratishga astoydil kirishildi. Natijada so'nggi yillarda mamlakatimizJahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” reytingida 146 o'rindan 76 o'ringa ko'tarildi. Bu albatta quvonarli, ammo bizning maqsadimiz bu reytingda birinchi 20 talikdan mustahkam o'rin egallashdir.

Lekin, yuqori marraga birdaniga yetib bo'lmaydi, albatta. Boisi, bizda yillar davomida iqtisodiyotimiz qoniga virus kabi kirib olgan kasalliklar, ya'ni qurilish uchun ruxsatnomalar olish, mulkni ro'yxatdan o'tkazish va xalqaro savdo operatsiyalarini olib borishda tadbirkorlarni sarson qilayotgan, investorni ikkilantirib qo'yayotgan ortiqcha byurokratik to'siqlar hali-hanuz uchrayapti.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O'zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaror aynan shunday muammolarga barham bergan holda “biznes yuritishda” mamlakatimiz reytingini yanada yuqori pog'onaga ko'tarishni maqsad qilgan chora-tadbirlar aks ettirilgan.

Xo'sh, biz yuqori reytinglarga qanday erishamiz? Prezident qarori bilan tasdiqlangan 11 ta bob, 56 ta banddan iborat “Yo'l xaritasi”da tadbirkorlik sub'ektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish, qurilish uchun ruxsatnomalar olish,elektr ta'minoti tizimiga ulanish,mulkni ro'yxatdan o'tkazish, kredit olish, soliqqa tortish yo'nalishlarida yengilliklar yaratish va xalqaro savdoni amalga oshirish, kontraktlar ijrosini ta'minlash, minoritar aksiyadorlarni himoya qilishga qaratilgan keng ko'lamli tadbirlar belgilab berilgan.

Shu bilan birga, O'zbekistonning “Biznes yuritish” reytingidagi o'rnini bosqichma-bosqich 2020 yilda – 66-chi, 2021 yilda – 33-chi va 2022 yilda 20-chi o'ringa olib chiqishini ta'minlab beradigan asosiy vazifalar ham belgilab berilgan.

Qaror bilan, ko'rsatgichlarni yaxshilash bo'yicha har bir yo'nalishga mas'ul vazirlik va idoralar ham tayinlangan.

Demak, endilikda tadbirkorlik sub'ektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazishni soddalashtirish bilan Adliya vazirligi, qurilish uchun ruxsatnomalar olish tartiblarini yengillashtirishga Qurilish vazirligi, elektr ta'minoti tizimiga ulanish hujjatlarini kamaytirishga Energetika vazirligi, mulkni ro'yxatdan o'tkazishga to'siq bo'layotgan omillarga barham berishga Yergeodezkadastr qo'mitasi, Kredit olish ishlarini osonlashtirishga Markaziy bank, minoritar aksiyadorlarni himoya qilishga Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Soliqqa tortish ishlarini qayta ko'rib chiqishga Moliya vazirligi, Xalqaro savdo ishlariga to'siq bo'layotgan tartiblarni soddalashtirishga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birga Davlat bojxona qo'mitasi, kontraktlar ijrosini ta'minlashga Oliy sud mas'ul bo'ladi.

Mazkur ishlarni tezlashtirish va qulay biznes muhitini yaratishga qaratilgan tadbirlarni jadallashtirish maqsadida 2019 yil 1 martdan boshlab, ta'sischilari O'zbekiston rezidentlari bo'lgan yuridik shaxslarni davlat ro'yxatidan o'tkazishda bir vaqtning o'zida Banklar tomonidan masofadan turib hisob raqami ochiladi. Biznes yuritish reytingiga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan, ya'ni yer uchastkalarini olish va qurilishga ruxsat berish tartiblarida ham bir qator yengilliklar ko'zda tutilgan.

Qarorgaasosan, endilikda iste'molchini sababsiz elektr tarmog'idan uzganlarga iqtisodiy choralar ko'riladigan bo'ldi. Tadbirkorlarga tegishli ko'chmas mulkni ro'yxatdan o'tkazish esa avvalgidek ko'chmas mulk joylashgan hududda emas, balki tadbirkorga qulay bo'lgan hududda ro'yxatdan o'tkaziladi. Bu jarayonda ko'chmas mulkni ro'yxatdan o'tkazish va unga egalik huquqini olish uchun berilgan arizalar notarial idoralar tomonidan axborot tizimlari orqali bepul ravishda kadastr idoralariga taqdim qilinadi. Kadastr hujjatlarini qog'oz ko'rinishida taqdim qilish talabi esa bekor qilinadi.

Xalqaro savdo sohasida ham yangilik bo'ladi. Endilikda tashqi iqtisodiy foaliyat bilan shug'ullanayotgan sub'ektlarning ariza-deklaratsiyalari asosida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tovarningkelib chiqishi to'g'risidagi sertifikatlarni bir ish kuni davomida beradi.

Yana bir muhim jihat. 2019 yil 1 martdan Davlat idoralari tadbirkorlik sub'ektlaridan ular taqdim qilayotgan hujjatlarga muhr qo'yib berilsin, degan talab bekor qilinmoqda. Shu bilan birga, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olinmaydigan bo'ldi. Uning o'rniga qurilish boshlanishidan xabardor qilish mexanizmi joriy qilinadi, xolos. Bundan tashqari, ommaviy ofertani joriy etish orqali qurilish sohasini nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tomonidan shaharsozlik to'g'risidagi qonun hujjatlari, shaharsozlik faoliyati sohasidagi texnik jihatdan tartibga solish bo'yicha normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlarining sifati va to'liqligi ustidan nazorat funksiyalarini bajarish yuzasidan shartnomalar tuzish tartiblari ham bekor qilindi.

Qarorga asosan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida eksperiment tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy qilinadi.

shaharsozlik faoliyati ob'ektini qurishni loyihalashtirish uchun me'moriy-rejalashtirish topshirig'ini ishlab chiqish yer uchastkasini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilish uchun materiallar tayyorlanayotganda amalga oshiriladi va auksion g'olibiga bepul asosda beriladi;

me'moriy-rejalashtirish topshirig'ini ishlab chiqish bo'yicha ishlarning qiymati mahalliy byudjet mablag'laridan, keyinchalik xarajatlarni yer uchastkasini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilishdan kelib tushgan mablag'lardan qoplash orqali to'lanadi.

Bu hali hammasi emas. Loyiha boshqaruvi Milliy agentligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelgacha Jahon banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisoboti so'rovnomalari asosida 10 ta indikator kesimida qat'iy belgilangan axborotlarni o'z ichiga olgan, shuningdek tadbirkorlar tomonidan takliflarni berish inkonini ta'minlovchi “O'zbekistonda biznes yuritish” veb-saytini yaratadi.

Shuningdek, agentlik Bosh prokuratura bilan birgalikda “Yo'l xaritasi”dagi tadbirlarning ijrosini qat'iy nazoratga oladi hamda mas'uliyatsizlikka yo'l qo'ygan davlat organlari va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan aniq ta'sir choralarini ham ko'radi.

Xullas, Prezident qarori “Biznes yuritish” reytingida yuqori o'ringa chiqib olishimizda dasturilamal bo'ladi. Undagi chora-tadbirlarning amaldagi ijrosi esa mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga, har birimizning turmush farovonligimizga bevosita va bilvosita daxldor masala.

 

Bosh prokuratura huziridagi multimedia markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi

 

O'zA