08.02.2019 986

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi yangi qaror loyihasini ekspertizadan o'tkazdi.


O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash yusazidan jamoatchilik ekspertizasini o'tkazuvchi vakolatli organdir.

Palata tomonidan ushbu vakolatni amalga oshirish maqsadida jamoatchilik ekspertizalari o'tkazib kelinmoqda. Xususan, 2018 yil davomida 774 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan ko'rib chiqilib, ulardan 355 tasiga salbiy xulosa berilgan.

Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Fermer xo'jaliklari va boshqa qishloq xo'jaligi korxonalarida ishchilarning soni va ish haqi fondining eng kam me'yorlarini aniqlash tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori loyihasi  jamoatchilik ekspertizasidan  o'tkazildi. Natijasiga ko'ra, ushbu loyiha yuzasidan bir qator  tavsiyalarni o'z ichiga olgan jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi.

Chunonchi, loyiha ilovasining 2-bandiga ko'ra, “Mazkur Nizom fermer xo'jaliklari va boshqa qishloq xo'jaligi korxonalarida mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatiga tadbiq etiladi va tavsiyaviy xarakterga ega”, - deb belgilangan.

Biroq, loyiha ilovasining 23-bandida “Mazkur nizom talablari buzilishida aybdor bo'lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi”, - deb belgilangan.

Bundan kelib chiqadiki, yuqoridagi kabi tavsiyalarning bajarilmasligi ham javobgarlikka tortish uchun asos bo'ladi.

Ammo, tavsiyalar – bu amal qilinishi ixtiyoriy bo'lgan, hech bir javobgarlikka olib kelmaydigan qoidalardir.

Ko'rinadiki, yuqoridagi normalar orqali jiddiy nomuvofiqlik yuzaga kelgan.

Loyiha orqali tartibga solinishi nazarda tutilgan munosabatlar amaliyotda mehnat qonunchiligi normalari bilan tartibga solinishi mumkin. Uni alohida bir normativ hujjatda qat'iy belgilash esa, amaldagi tartibni murakkablashtirishi, tadbirkorlik sub'ektlariga ortiqcha majburiyatlar yuklatilishiga olib kelishi mumkin.

Loyiha orqali fermer xo'jaliklari va boshqa qishloq xo'jaligi korxonalarida ishchilarning soni va ish haqi fondining eng kam me'yorlarini aniqlash tartibini (tavsiyaviy xarakterda bo'lgan) belgilash nazarda tutilgan.

Ammo, amaliyotda bunday tavsiyaviy xarakterdagi hujjat Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi va Mehnat vazirligining qo'shma qarori (2016 yil 1 avgustdagi 27/24qq) bilan tasdiqlanganligini inobatga olib, uni Vazirlar Mahkamasi qarori shaklida qabul qilishning maqsadga muvofiqligi masalasini qayta ko'rib chiqish tavsiya etiladi.

Palata tomonidan mazkur Xulosani berilishida tadbirkorlik sub'ektlariga ortiqcha majburiyatlar yuklamaslik hamda ushbu sohadagi munosabatlarni amaldagi mavjud qonunchilik normalari orqali hal etish masalalariga alohida ahamiyat berildi.

 

O'z SSP Axborot xizmati