14.02.2019 3583

Shvetsiya kompaniyalari O'zbekiston bozoriga intilmoqda​.


Toshkent shahrida 13 fevral kuni O'zbekiston – Shvetsiya biznes-forumi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “Business Sweden” Shvetsiya savdo va investitsiyalar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, geologiya va mineral resurslar, axborot texnologiyalari, mashinasozlik, energetika kabi sohalari bo'yicha mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi. 

O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o'rinbosari Shuhrat Vafoev, “Business Sweden” savdo va investitsiyalar kengashining Yevroosiyo bo'yicha direktori Andreas Giallourakis O'zbekiston bilan Shvetsiya o'rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari oshib borayotganini ta'kidladi.

– Ikkinchi bor o'tkazilayotgan O'zbekiston – Shvetsiya biznes-forumi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, – deydi Shvetsiya Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ingrid Tersman. – Forumda ishtirok etayotgan Shvetsiyaning o'nga yaqin yetakchi kompaniyasi O'zbekistonga tog'-kon sanoati, transport, energetika, axborot-kommunikatsiya kabi sohalar bo'yicha o'z xizmat va mahsulotlarini taqdim etish istagida.

Biznes-forumda O'zbekiston bilan Shvetsiya o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. O'zbekistonning geologiya va mineral resurslar, energetika, transport infratuzilmalari, savdo-sanoat, ta'lim sohalari bo'yicha imkoniyatlari haqida ma'lumot berildi. Shvetsiyaning “ADB Safegate”, “Scania”, “Ericsson”, Alfa Laval Potok”, “Sandvik”, “EF Education First” kabi kompaniyalari taqdimotlar o'tkazdi.

– Kompaniyamiz avtobuslar, tog'-kon sanoatiga mo'ljallangan yuk avtomobillari ishlab chiqaradi, – deydi “Scania” kompaniyasi vakili Artur Shafran. – 2012 yildan buyon Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlik qilamiz. Niyatimiz ana shunday hamkorlarni ko'paytirish.

Forum doirasida O'zbekiston Xalq ta'limi vazirligi va Shvetsiyaning “EF Education First” kompaniyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasida "G2B” va “B2B” formatli uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

 

www.uza.uz