18.02.2019 535

Savdo-sanoat palatasi yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o'tkazdi.


Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan, ular faoliyatiga normativ-huquqiy hujjatlar ta'sirini baholovchi vakolatli organdir.

Qonunchilikda belgilangan ushbu vakolatlarni samarali amalga oshirish maqsadida, Palata tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 82 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan ko'rib chiqilib, tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta'sirini inobatga olgan holda,  40 ga yaqin loyihalarga e'tirozlarni o'z ichiga olgan xulosalar berildi.

Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Import qilinadigan mahsulotlarni nazorat qilish hamda soliq va bojxona to'lovlari bo'yicha huquqbuzarliklarni oldini olish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori loyihasi  jamoatchilik ekspertizasidan  o'tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:

1. Loyiha 2-ilovasining 6-bandiga ko'ra, Davlat bojxona qo'mitasi har bir import qiluvchiga bojxona qonunchiligiga rioya qilinishi to'g'risida ogohlantirish xabarnomasini yuborishi belgilangan.

Ammo, ogohlantirish xabarnomasi import qiluvchilarga har bir import operatsiyasi bo'yicha taqdim etilishi yoki faqat bir marotaba taqdim etilishi aniq ko'rsatilmagan. Bu esa, amaliyotda noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bois, ogohlantirish xarabnomasi qanday holatlarda yuborilishini aniq nazarda tutish tavsiya etiladi.

2. Loyiha 2-ilovasining 10-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Kameral nazorat natijasiga ko'ra import qilingan tovarlar miqdoriga nisbatan moliyaviy va soliq hisobotlaridagi tafovutlar hamda soliq va bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, har bir import qiluvchi tomonidan import qilingan tovarlar summasi, realizatsiya hajmi hamda tovarlar qoldig'ini aks ettiruvchi  Nazorat kartochkasi ochiladi”, - deb belgilangan.

Biroq, loyihada Nazorat kartochkasini ochish va uni bojxona organlariga yuborishdan ko'zlangan maqsad aniq aks ettirilmagan.

Shuningdek, Nazorat kartochkasi ochish va uni yuritishni nazarda tutish orqali ortiqcha hamda keraksiz bo'lgan qo'shimcha ma'muriy tartib-taomillar belgilangan.

Bu esa, amaliyotda mazkur normani turlicha talqin qilish, tadbirkorlik sub'ektlaridan ortiqcha ma'lumotlarni talab qilish va ularga nisbatan turli choralarni qo'llash kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

3. Loyiha 2-ilovasining 13-bandiga ko'ra, “Import qiluvchilar tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida ko'rsatilgan va davlat soliq xizmati organlaridagi mavjud ma'lumotlar o'rtasida kelib chiqqan tafovutlarni o'rganish va ularni bartarf etish maqsadida Nazorat kartochkasi ochilgan import qiluvchilarning joyiga borgan holda o'rganishni amalga oshirishga asos bo'ladi”, - deb belgilangan.

Avvalo, mazkur norma aniq ifodalanmagan. Unda import qiluvchilarning joyiga borgan holda o'rganishni amalga oshirish uchun nima asos bo'lishi aniq keltirilmagan.

Bundan tashqari, ushbu norma orqali kameral nazorat yakuni bo'yicha tadbirkorlik sub'ektida o'rganish o'tkazish nazarda tutilgan.

Vaholangki, soliq kodeksining 70-moddasiga ko'ra, kameral nazorat soliq to'lovchining huzuriga bormasdan amalga oshiriladi. Kameral nazoratning maqsadi soliq to'lovchiga davlat soliq xizmati organlari tomonidan kameral nazorat natijalari bo'yicha aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklarni mustaqil ravishda bartaraf etish huquqini berishdan iboratdir.

Agar soliq hisobotini to'ldirishda xatoliklarga yo'l qo'yilganligi yoki taqdim etilgan soliq hisobotida ko'rsatilgan va davlat soliq xizmati organlaridagi mavjud ma'lumotlar o'rtasida ziddiyatlar borligi kameral nazorat jarayonida davlat soliq xizmati organi tomonidan aniqlansa, bu haqda soliq to'lovchiga tegishli tuzatishlar kiritish talab qilingan holda yozma shaklda, shu jumladan soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali xabar qilinadi.

Ko'rinib turganidek, soliq kodeksida kameral nazorat natijasi bo'yicha o'rganish o'tkazilishi belgilanmagan.

Qolaversa, joyga borgan holda o'rganishni amalga oshirilishida uning tekshirishlarga aylanib ketish ehtimoli yuqori.

4. Loyiha 2-ilovasining 16-bandiga ko'ra, “Import qiluvchilar tomonidan import qilingan tovarlar keyinchalik sotilishi yoki o'z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun sarflanganligi nazoratini olib borish maqsadida Nazorat kartochkasi yopilgunga qadar davlat soliq xizmati organlari xronometraj tadbirlarini amalga oshirib boradi”, - deb belgilangan.

Ammo, ushbu norma ham soliq kodeksi talablariga ziddir. Ya'ni, unda kameral nazorat natijalariga ko'ra, davlat soliq xizmati organlari tomonidan xronometraj tadbirlari amalga oshirilishi belgilanmagan.

5. Loyiha 2-ilovasining 18-bandida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan import qiluvchilar bo'yicha davlat soliq xizmati organlari tomonidan taqdim  qilingan ma'lumotlar asosida Davlat bojxona qo'mitasining Xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimidagi nohalol tabirkorlar ro'yxatiga kiritishi belgilangan.

Vaholanki, Davlat bojxona qo'mitasining Xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimining faoliyat ko'rsatish mexanizmi bo'yicha normativ-huquqiy hujjat hozirgi kunga qadar qabul qilinmaganligini inobatga olgan holda import qiluvchilar to'g'risida soliq xizmati organlari ma'lumotlari asosida tadbirkorilk sub'ektlarini nohalol tadbirkorlar ro'yxatiga kiritish tadbirkorlik sub'ektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini buzilishiga olib keladi.

Bundan tashqari, Xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimida ro'yxatlar nohalol tadbirkorlar bo'yicha emas, balki xavfning xavflilik darajasiga qarab, turlarga bo'lingan holda shakllantiriladi.

6. Loyiha 2-ilovasining 19-bandida o'rganishlar natijasiga ko'ra import qiluvchilar tomonidan tafovutlar bartaraf etilmagan va jinoyat alomatlari mavjud deb topilgan hollarda huquqiy malakalash uchun o'rganish materiallari O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilishi belgilangan.

Vaholanki, o'rganishlar natijasiga ko'ra import qiluvchilar tomonidan tafovutlar bartaraf etilmagan taqdirda va qasddan jinoyat alomatlari mavjud bo'lmasa, u holatda davlat soliq xizmati organlari tomonidan yuzaga kelgan soliq bo'yicha qarzdorlik sud tartibida undirib olinishi lozim.

Zero, soliq kodeksining 70-moddasiga ko'ra, “Soliq to'lovchi tomonidan aniqlangan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi qo'shimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni undirish yuzasidan sudga da'vo arizasi bilan murojaat qiladi”, - deb belgilangan.

7. Loyiha 2-ilovasining 19-bandi ikkinchi xatboshiga ko'ra, “Shuningdek, mazkur improt qiluvchilar tomonidan respublika hududiga olib kirilgan tovarlar bo'yicha bojxona rasmiylashtiruvini vaqtincha to'xtatish yuzasidan Davlat bojxona qo'mitasiga ma'lumot yuboriladi”, - deb belgilangan.

Bunda, import qiluvchi tomonidan sodir etilganligi ehtimol tutilgan qonunbuzarlik uchun uning keyingi faoliyatini ham to'xtatib turish ko'zda tutilgan.

Biroq, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida”gi Qonunning 34-moddasida “Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining o'zga qonuniy faoliyatiga aralashish yoki bunday faoliyatni cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas”, - deb belgilangan.

Shuningdek, loyiha 2-ilovasining 20, 21, 22-bandlarida ham yuqorida keltirilgan qonun normasi talablariga zid bo'lgan normalar belgilangan.

Bu esa, tadbirkorlik faoliyatining asossiz cheklanishi va bu orqali ushbu faoliyatga to'siq yaratilishiga olib keladi.

Shuningdek, faqat jinoyat alomatlari mavjud deb topilgan import operatsiyasi yoki import shartnomasi bo'yicha bojxona rasmiylashtiruvini to'xtatish qonuniy hisoblanadi. Boshqa holatlarda import qiluvchining tashqi savdo operatsiyalari bo'yicha bojxona rasmiylashtiruvini to'liq to'xtatish amaldagi tadbirkorlik sub'ektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini buzilishiga olib keladi.

8. Loyiha 2-ilovasining 23-24-bandlarida import qiluvchilarning byudjet oldida qarzdorligi yuzaga kelgan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari belgilangan tartibda ma'muriy undiruv choralarini amalga oshirishi, bunda yetarli mablag' bo'lmagan taqdirda, majburiy undiruvga qaratish yuzasidan davlat bojxona xizmati organlariga so'rov yuborilishi hamda ushbu so'rov asosida bojxona xizmati organi import qiluvchilarning shaxsiy g'azna hisob varaqalarini mablag'lar mavjudligi yuzasidan o'rganishi va qarzdorlikni undirish uchun yetmagan qismini mavjud mablag'lar hisobidan qoplashga yo'naltirishi belgilangan.

Ammo, yuqorida keltirilganidek, soliq to'lovchi tomonidan aniqlangan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi qo'shimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni undirish yuzasidan sudga da'vo arizasi bilan murojaat qiladi.

Ko'rinib turganidek, loyihaning ushbu bandlarida belgilangan normalar amaldagi qonunchilik normalari talablariga ziddir.

9. Ushbu loyihada import qilinadigan mahsulotlarni nazorat qilish hamda soliq va bojxona to'lovlari bo'yicha huquqbuzarliklarni oldini olish sohasida ortiqcha va keraksiz bo'lgan, shuningdek amaldagi qonunchilik talablariga zid ma'muriy tartib-taomillarni belgilash, tadbirkorlik faoliyatida to'siqlarni keltirib chiqaruvchi asossiz cheklovlar nazarda tutilgan.

Bu esa, mamlakatda olib borilayotgan tadbirkorlik faoliyatining to'sqinliksiz amalga oshirilishini ta'minlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlarga ziddir.

Shu bilan birga, bunday mezonlarning belgilanishi tadbirkorlik sohasidagi mavjud imkoniyatlardan ham samarali foydalanishda to'siq bo'ladi.

Shu bois, loyihani qayta ko'rib chiqish va uni amaldagi qonunchilik normalariga moslashtirish tavsiya etiladi.

Palata tomonidan bildirilgan barcha e'tirozlar inobatga olinib, loyihaga tegishli o'zgartirish va tuzatishlar kiritildi hamda loyiha belgilangan tartibda kelishildi.

 

O'z SSP Axborot xizmati