27.02.2019 1146

Tadbirkorlar uchun yana bir imkoniyat.


Toshkent shahri Yunusobod tumani hokimligida tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan xalq iste'moli mollarini ichki hamda tashqi bozorga yetkazib berishda tadbirkorlarga qulaylik yaratish, bunda jahon bozoriga mos elektron savdo tizimi tartib-tamoyillariga bag'ishlangan biznes-trening tashkil etildi.

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, shahar va tuman hokimliklari tomonidan o'tkazilgan tadbirda shu sohalardagi mas'ul vakillar, tadbirkorlar, “O'zstandart” agentligi va “O'zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati xodimlari ishtirok etdi.

– Bugungi o'quv tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash va ular ishlab chiqarayotgan xalq iste'moli mollarining savdosini tashkil etishda zamonaviy uslublardan keng foydalanish bo'yicha zarur ma'lumotlar berish, ularning bu borada bilim va malakasini oshirishga qaratilgan, – dedi O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Yunusobod tumani bo'linmasi Tadbirkorlarga ko'maklashish markazi direktori Alisher Aloxutdinov. – Unda “Zoodmall“ elektron tizimining afzalliklari haqida batafsil ma'lumot berildi. Mazkur tizim tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar savdosini tashkil etish, ichki va tashqi bozorga chiqarish uchun qulay zamonaviy usuldir. Bunday savdoning o'ziga xos talablari bo'lib, agar mahsulotlar og'irligi 30 kilogrammdan kam bo'lsa, pochta orqali, 30 kilogrammdan ortiq bo'lsa, logistika yo'li bilan yetkazib berish imkoniyati yaratilgan. Yana bir e'tiborli jihati, aynan shu tizim savdo-sotiq nazoratini ham amalga oshirib boradi.

Biznes-trening Toshkent shahrining barcha tumanlarida bo'lib o'tadi.

Uza