27.02.2019 1148

“Tashqi savdo va eksport asoslari” pilot o'quv kursi haqida


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 yanvardagi “O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi PF-4135-son Qarori 10 bandiga asosan “Tashqi savdo va eksport asoslari” mavzusi bo'yicha bepul kurslarni tashkil etish  belgilangan edi.

Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o'qitish respublika markazi BMT Taraqqiyot dasturining “Savdoni rivojlantirishga ko'maklashish” loyihasi bilan hamkorlikda joriy yilning 18 fevralidan 23 fevraliga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida, “pilot” tariqasida, tadbirkorlar uchun 22 soatli o'quv kursi o'tkazildi.

O'quv kursi O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi qo'llab-quvvatlashlari asosida tashkil etildi. 

Seminarni tashqi savdo bo'yicha ekspert Akmalxon Olimxonov hamda 11 mas'ul davlat idoralaridan kelgan mutaxassilar olib bordilar. Barcha dars jarayoni videosuratga olindi va keyinchalik video-dars shaklida tinglovchilarga yetkaziladi.

O'tkazilgan o'quv kurslarida 42 nafar tadbirkorlik sub'ektlari qatnashib, ulardan 37 nafari sertifikat bilan taqdirlandilar.

Pilot kursi oxirida tinglovchilar o'rtasida so'rovnoma o'tkazilib, so'rovnoma yakunlari bo'yicha o'quv dasturi takomillashtiriladi.

Takomillashtirilgan dastur asosida, mart – iyun oylarida respublikaning 14 hududida xuddi shunday o'quv kurslari tashkil etiladi va ularda 700 nafar tadbirkor qatnashishi ko'zda tutilgan.

 

O'z SSP Axborot xizmati