06.03.2019 394

Xalqaro valyuta jamg'armasi O'zbekiston iqtisodiyotini ijobiy baholadi​


Xalqaro valyuta jamg'armasi bosh moliyachisi Albert Yeger boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo'lib, iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohot va o'zgarishlar bo'yicha o'rganishlar olib bordi.

Toshkentda 5 mart kuni ushbu o'rganishlar yakuniga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Tadbir O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Unda Xalqaro valyuta jamg'armasi bosh moliyachisi Albert Yeger mamlakatimiz iqtisodiy sektori faoliyati tahliliga bag'ishlangan xulosalarini bildirdi.

Tahlillarga ko'ra, mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o'sishi 2018 yilda 5 foizni tashkil qilgan. Bu ko'rsatkich joriy yilda 5,5 foiz, 2020 yilda esa 6 foizga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, bu yil investitsiya va soliq islohotlari natijasida yangi ish o'rinlari sonining ortishi kuzatiladi.

Matbuot anjumanida mamlakatimizda inflyatsiya darajasining joriy holati iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonidagi hodisa ekani ta'kidlandi. O'zbekistonda mahsulot tannarxini pasaytirish, maoshlar differensial shkalasidagi defitsitni qoplashda ko'rilayotgan chora-tadbirlar 2019 yilda inflyatsiya darajasini 15 foizda ushlab turish imkonini beradi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz iqtisodiyotida kutilayotgan ehtimoliy xatarlar mavjud. Birgina misol. O'zbekistonda 2018 yilda kreditlash jarayoni 50 foizga o'sgan.

– Bunday ko'rsatkich iqtisodiyot uchun yaxshi natijalarga olib kelmasligi mumkin, – dedi A.Yeger. – O'zbekiston islohotlar davrini boshdan kechirmoqda. Shu bois bu tabiiy jarayon hisoblansa-da, kreditlashdagi me'yorni saqlab turish lozim.

Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan pul-kredit siyosati, jumladan, qayta moliyalashtirish stavkasining 16 foizgacha oshirilishi inflyatsiya xatarining oldini olishda kutilgan natijalarni berishi ta'kidlandi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov 2019 yilda mamlakatimizda bank-moliya, pul-kredit siyosatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bo'yicha ma'lumot berdi.

M.Nurmurodovning ta'kidlashicha, O'zbekiston bilan Xalqaro valyuta jamg'armasi o'rtasida 2019 yilda monetar siyosatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilingan. Xalqaro institut ekspertlarining taklif va tavsiyalari e'tiborga olingan.

Markaziy bank valyuta bozoridagi amaliyotlarni erkinlashtirish, mijozlar bilan ishlashdagi tizimni yanada soddalashtirish bo'yicha zarur choralar ko'radi. Pul-kredit siyosatini takomillashtirish, ichki bozordagi narxlarni barqarorlashtirish maqsadida o'rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani targetlash mexanizmi joriy etiladi.

Bugungi kunda moliya sektorini isloh qilishning o'rta muddatli konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Moliyaviy barqarorlikni ta'minlash, bank-moliya sektoriga xorijiy va xususiy kapital kirib kelishiga sharoit yaratish, iqtisodiyotda pul-kredit siyosati ta'sirini kuchaytirish ushbu yo'nalishdagi islohotlar asosini tashkil etadi.

Ayni paytda bank sohasidagi davlat ulushi 84 foizga teng. Sohada xususiy kapital ishtirokini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan.

 

uza.uz